O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlarida tarixiy natija qayd etdi
Yaponiyada bugun, 24-oktabr kuni V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining so‘nggi bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi para pauerlifting va para qilichbozlik bo‘yicha bahslarda ishtirok etadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etmoqda. Ayni paytda o‘zbekistonlik parasportchilar 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza, jami 145 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu, avvalgi Paraosiyo o‘yinlariga nisbatan besh pog‘ona yuqori natija.
Bellashuvlarda vakillarimizning jahon va Osiyo rekordlarini yangilab, Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini ham o‘rnatgani, delegatsiyamiz a’zosi, 15 yoshli Boburbek Toshtemirov esa musobaqaning eng yosh chempioni sifatida e’tirof etilgani mamlakatimizda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan e’tibor va parasportchilarimiz uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.
Shu tariqa, «Aichi–Nagoya–2026» V yozgi Paraosiyo o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun tarixiy natija bilan yakunlanmoqda. 145 ta medal va umumjamoa hisobidagi uchinchi o‘rin — parasportchilarimizning yuksak mahorati, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasi.



Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA