O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishga – yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlab kelayotgan sizdek mo‘’tabar zotlarni, yurtimizdagi barcha pedagog xodimlarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Yangi O‘zbekistonimizning kuch-qudrati va salohiyati, qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralarimiz, qalbimizdagi olijanob fazilatlarning bezavol manbalaridan biri bu bilim-ma’rifat, tarbiya va madaniyat ekanini yanada chuqur his etamiz. Aziz farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalab, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha zahmatkash muallimlarimizga, ustoz-domlalarimizga samimiy minnatdorlik bildirib, cheksiz hurmat va ehtirom bilan ta’zim qilamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Bog‘cha va maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan har bir bola uchun bilimlar eshigi, mo‘’jizalar olamini ochadigan muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar timsolida biz yangi shaxs, yangi avlod tarbiyachilarini ko‘ramiz. Shu yo‘lda shogirdlariga ko‘z nuri, yurak qo‘rini berib mehnat qiladigan, o‘z kasbiga sodiq va jonkuyar bunday insonlar, hech shubhasiz, milliy pedagogikamizning oltin fondini tashkil etadi. Men Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini aynan mana shunday fidoyi ustozlar faoliyatida, ularning kasb mahorati, qalb saxovatida ko‘raman.
Maktab kelajak bog‘i bo‘lsa, muallim shu maskanda umid nihollarini o‘stiradigan mohir bog‘bondir. O‘qituvchi – mehr daryosi, ezgulik bulog‘i, ma’rifat quyoshidir. Shu bois, bu mas’uliyatli soha xodimlarining mehnatini ulug‘lash va qadrlashdan hech qachon charchamaymiz.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda erishayotgan, havas qilsa arziydigan natijalarimiz orasida ta’lim yo‘nalishidagi yutuqlarimiz biz uchun alohida qadrli desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman. Chunki bundan atigi o‘n yil oldin ijtimoiy hayotimizda g‘oyat og‘ir, ota-onalarni eng qiynaydigan soha – aynan ta’lim-tarbiya sohasi, eng kamsitilgan kasb egasi esa o‘qituvchilar edi. Sizlar bilan birga qattiq ishlab, qancha-qancha muammolarni hal qildik, oldimizda turgan to‘siq-g‘ovlarni bartaraf etdik. Hozirgi vaqtda ta’lim sohasi jadal rivojlanayotgan sohaga, o‘qituvchilik esa obro‘-e’tiborli kasbga aylanmoqda.
Buni quyidagi misollarda yaqqol ko‘rish mumkin. Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 40 ming o‘qituvchi 1 ming dollar, ularning 1 ming 500 nafari 2 ming dollardan ziyod miqdorda maosh olmoqda. Joriy yil yangi formatda o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi g‘oliblariga ilk bor 616 million so‘mdan mukofot berildi. Bunday rag‘batlantirish mexanizmlari kelgusi yilda bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari faoliyatiga ham joriy etiladi.
So‘nggi o‘n yilda yurtimizda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘cha, 1 million 500 o‘rinli maktablar barpo etganimiz, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktabni zamonaviy ko‘rinishga keltirganimiz tariximizda misli ko‘rilmagan natijalardir. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi ta’lim dargohlari paydo bo‘lgani, oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 205 taga o‘sib, ulardagi qamrov 45 foizga yetgani ham albatta katta ijobiy o‘zgarishdir.
Sohada xususiy sektor izchil rivojlanib, sog‘lom raqobat muhiti shakllanmoqda. Eng muhimi, ana shunday sharoitda ishlash, bilim va malakasini oshirish va namoyon etishga qodir bo‘lgan yangi pedagoglar avlodi maydonga chiqmoqda.
Ta’lim islohoti yo‘lidagi bunday ulkan yutuqlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Tabiiyki, bularning barchasi o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samarasini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, 2026-yilda yurtimiz o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qo‘lga kiritgani, jumladan, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida o‘g‘il-qizlarimiz yuqori o‘rinlarni egallagani g‘oyat quvonarlidir.
Bir necha kun oldin qadimiy Samarqand shahrida yakuniga yetgan Butunjahon shaxmat va parashaxmat olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lib, Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan azamat yoshlarimizning tom ma’noda tarixiy yutuqlarni qo‘lga kiritishida sizlarning hissangiz beqiyos ekanini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Bu yil o‘quvchilik davrida xorijiy til va fan sertifikatiga ega bo‘lgan farzandlarimiz soni 100 ming nafarga yetdi, 5 mingga yaqin maktab bitiruvchisi esa oliygohlarga kirishda eng yuqori ball to‘pladi.
Nufuzli PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilarimiz tabiiy fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 32 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 48-o‘rinni egallagani ham e’tiborga loyiq, albatta.
Oliygohlarimizdagi 185 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani ham salmoqli ko‘rsatkichdir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Biz kelgusi o‘n yilni mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri sifatida belgilab, oldimizga yanada ulkan maqsadlar qo‘ymoqdamiz.
Milliy yuksalishning tayanch asosi – maktab, texnikum va oliygohlar ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Shu bois, bu borada biz avvalo sizlarga – muhtaram ustoz va murabbiylarimizga tayanamiz. Ta’lim-tarbiya tizimi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu yo‘nalishda oldimizda turgan dolzarb vazifalar va ularning yechimlari haqida atroflicha gaplashib oldik.
Ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta’sis etishga qaror qildik. Hech shubhasiz, bunday mukofot sizlarni yanada katta yutuq va marralarga ilhomlantiradi, deb ishonaman.
Farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik hissi va g‘urur tuyg‘usini kuchaytirish, ularni tariximiz va madaniyatimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarni endi oilada ham, mahalla, maktab, texnikum va oliygohlarda ham yangicha tashkil etamiz. Bunda hozirgi g‘oyat murakkab zamon talablarini qat’iy hisobga olishimiz zarur. “Yosh avlod tarbiyasi – butun jamiyatning muqaddas burchi, vazifasi” degan ezgu g‘oya har birimizning yuragimizda aks sado berib, kundalik hayotimiz mezoni, mazmuniga aylanishi shart.
Yangi O‘zbekiston yoshlarini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” deb yashaydigan avlod sifatida kamol toptirishning beqiyos ahamiyatini yaxshi tushunadigan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar boy bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingiz bilan bu jarayonlarda faol ishtirok etasiz deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat tilayman.
G‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda doimo zafarlar yor bo‘lsin, aziz ustozlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti