"O‘zbekiston nashriyotlariga e’tibor kerak" – "Amazon"ni zabt etgan o‘zbek qiz
Bugun nega ayrim yaxshi asarlar ham sotilmay qolyapti? Kitoblar keng ommalashmasligining yana bir muhim sababi nima? Nima uchun odatda bu sabab unutiladi? O‘zA "E’tibordan chetda qolgan mavzular" loyihasida mazkur savollarga javob topishga urindi. Shu maqsadda xalqaro va mahalliy nashrlar bilan ishlovchi yosh illyustrator-dizayner Asila Umarovaning fikri bilan qiziqdik.

– Ko‘pincha kitob tanlashda ularning muqovasi ham tanlov uchun asosiy turtki bo‘ladi. Bu haqda siz nima deysiz?
– Yaxshi muqova nafaqat o‘quvchi e’tiborini tortadi, balki kitob savdosiga keskin ta’sir qiladi. Asar yozish san’at bo‘lsa, kitoblar muqovasi ustida ishlash –alohida san’at. Muqova dizayni, rangi, uslubi, undagi har bir detal asar haqida «gapiradi». Shu jihatdan o‘quvchini mutolaaga chorlashi yoki aksi bo‘lishi mumkin. Kitobxon mamlakatlarni kuzatsangiz, ularda dizayn, muqovalash jarayoni, noshirlik rivojlanganiga guvoh bo‘lasiz. Demak, kitob targ‘ibotiga bu jarayon yaxshigina ta’sir qiladi.

– Yurtimizda noshirlik sohasi qanchalik rivojlangan deb hisoblaysiz?
– O‘zbekistonda odatda ko‘plab davlat nashriyotlari bu borada eski, an’anaviy uslubga tayanmoqda. Ya’ni ko‘plab nashriyotlar odatiy yondashuvga o‘rganib qolgan. Masalan, o‘ta jimjimadorlik, bitta muqovada bir nechta detallarning ishtirok etishi – tabiiy hol. Ko‘plab nashriyotlar o‘quvchi e’tiborini mana shu xususiyat bilan tortamiz deb o‘ylaydi, lekin muqovaga turli suratlarni qalashtirish san’at emas. Bu xuddi har-xil rasmlarni kitob yuziga yopishtirib chiqishga o‘xshaydi. Shu sabab yaxshi asarlar ham birinchi taassurot sabab o‘quvchi ixlosini qaytarishi, diqqatni tortmasligi kuzatiladi.
– Bu muammoning sababi sizningcha nimada?
– Birinchidan, mablag‘ masalasi. Nashriyotlarda zamonaviy dastgoh va uskunalar yetishmaydi. Noshirlik rivojlangan mamlakatlarda dastlab kitob bir nechta ko‘rinishda chop etib ko‘riladi. So‘ng mutaxassislar o‘rtasida muhokamaga qo‘yiladi. Tasdiqlangan variant savdoga chiqadi. Bizda unday emas. Bitta loyiha ko‘riladi va nashr qilinaveradi. Ikkinchidan, qayg‘uli asarlarga ham mualliflar asar ruhiyatiga zid bo‘rttirishlardan foydalanishni so‘raydi. Shunday bo‘lmasa, kitobxon nazariga tushmay qoladi deb qo‘rqadi. Oqibatda, eski yondashuv saqlanib qolaveradi.

– Bu sohada qachondan beri ijod qilasiz?
– 4 yildan beri ko‘plab tarjimon va mualliflar bilan hamkorlik qilib kelyapman. Upwork.com xalqaro mehnat birjasi orqali chet el mualliflaridan buyurtmalar olaman. Dan McKay va AndrewJ kabi Yevropa mualliflari bilan muvaffaqiyatli ishladik. Kitoblar Amazon.comda sotuvga chiqdi va dizaynim borasida yaxshi izohlar qoldirilyapti. Hozir “Asaxiy” nashriyotidan ham buyurtmalar tushmoqda. Elektron kitoblar chiqaruvchi xorijiy nashriyot – readingelephant.com bilan esa 6 oydan buyon muntazam hamkorlikda ishlayapmiz.

MA’LUMOT UCHUN: Asila muqovalagan kitoblar bugun dunyodagi eng yirik kitob do‘kon — Amazon.comda ham sotiladi.
– Muqova loyihasi uchun g‘oyani qanday topasiz?
– Odatda menga mualliflar murojaat qilganida, kitobini to‘liq o‘qib chiqishim kerakligini aytaman. Ba’zida mualliflik huquqi sabab kitobni o‘qishga berishmasa, ishdan voz kechaman. Axir kerakli detallarni asarning ruhiyatidan kelib chiqib chizish kerak. Ba’zida esa mualliflar o‘z g‘oyasini chizib berishimni so‘raydi. Ular tasvirlayotgan g‘oyada esa ko‘pincha originallik bo‘lmaydi yoki bugungi o‘quvchi ruhiyatiga to‘g‘ri kelmay qoladi. Chunki ular yozuvchi, dizayner emas. Shunda ularga bir nechta variant ko‘rsataman. Odatda ular men taklif qilgan loyihani qabul qiladi. Muallifning g‘oyasi asosida qilingan muqovalar esa ko‘p hollarda muvaffaqiyatsiz chiqib qolishi kuzatiladi.
– Asar dizayni sotuvda qanchalik muhim?
– Bundan bir necha yil avval Abduqayum Yo‘ldoshevning «Puankare» asari mazmunning teranligi bilan omma e’tiboriga tushdi. Shuningdek, nashr etilishi bilan o‘quvchilar diqqatini tortishida uning muqovasi muhim rol o‘ynadi, chunki bu muqova o‘shanda O‘zbekistonda minimalizm yo‘nalishidagi deyarli birinchi ishlardan edi.
– O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish uchun takliflaringiz...
– Taklifim, kitobxon mamlakatlar ro‘yxatiga kirish uchun avvalo, nashriyotlar, kitob marketingi rivojlanishi kerak. Bular mutolaa madaniyatini shakllantirishda muhim. Men bu sohalarga davlatimiz tomonidan ko‘proq e’tibor ajratilishini va nashriyotlar ham qo‘rqmay eski qolip va an’analardan voz kechgan holda ishlashini xohlab qolaman.
Maftuna KARIMOVA suhbatlashdi.