O‘zbekiston mustaqil sayohatlar bo‘yicha dunyoning kuchli beshligidan joy oldi
O‘zbekiston xalqaro sayyohlik reytinglarida yana bir bor yuqori natija qayd etdi. Mamlakat mustaqil, ya’ni hamrohsiz sayohat qilishni istagan sayyohlar uchun dunyoning eng yaxshi yo‘nalishlari qatoridan joy oldi.
Nufuzli xalqaro sayyohlik platformasi "Much Better Adventures" tomonidan e’lon qilingan "Solo Travel Index 2026" reytingida O‘zbekiston solo sayohatlar uchun dunyoning eng yaxshi beshta yo‘nalishidan biri sifatida qayd etildi.
Reytingni shakllantirishda sayohatchilarning taassurotlari, "Global Peace Index" ko‘rsatkichlari, viza olish qulayligi, ovqatlanish xarajatlari, yo‘nalishlarning xilma-xilligi hamda piyoda sayohat qilish imkoniyatlari kabi bir qator mezonlar hisobga olingan.
Platforma O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li merosi, boy tarixiy-madaniy salohiyati, tabiiy landshaftlari va rivojlangan turizm infratuzilmasini mamlakatning asosiy afzalliklari sifatida e’tirof etgan.
Xususan, sayyohlarga Nurota tog‘laridagi qadimiy so‘qmoqlar bo‘ylab sayohat qilish, mahalliy qishloqlar hayoti bilan yaqindan tanishish, an’anaviy o‘tovlarda tunash hamda Qizilqum orqali Oydarko‘lga borish imkoniyatlari tavsiya etilgan.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida shakllangan noyob tarixiy va madaniy merosini namoyon etuvchi muhim sayyohlik maskanlari sifatida qayd etilgan.
Hamroz Bayonov
O‘zA