35 yillikka 35 bino
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi shunday tashabbus bilan chiqib, viloyat tuman va shaharlarda yangi mahalla markazlarini foydalanishga topshirmoqda.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Vayrot, Polvontepa, Balandravot mahallalarining yangi binolari ochilishida mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, tuman hokimligi rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yangi binolarda “yettilik”ning samarali ishlashi, fuqarolar qabulini tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratilgani e’tirof etildi.


– Mazkur mahallalarda yangi binolar qurish bilan birga hudud infratuzilmasi ham yaxshilanib, yo‘llar va boshqa kommunikatsiya tizimlari yangilanmoqda, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov. – Jumladan, Polvontepa mahallasida 14 kilometr yo‘l asfaltlandi, 13 kilometr elektr tarmoqlari mukammal ta’mirlanib, yopiq kabellar tortildi, 400 ta beton ustun va 4 ta yangi transformator o‘rnatildi. Shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 50 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika, 1 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilmoqda, 2,6 kilometrlik ariqlar betonlashtirilmoqda. Balandravot mahallasida ham 10 ta yirik loyiha amalga oshirilib, 12 kilometr yo‘l asfaltlandi, 150 o‘rinli zamonaviy bog‘cha barpo etildi. 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sport zal va 50 o‘rinli oshxona qurildi. Aholi suv ta’minotini yaxshilash uchun 3 kilometr suv tarmog‘i barpo tortildi. Ushbu mahallalarimiz yil yakuniga qadar tom ma’noda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla”ga aylanadi.

Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham bu kabi tadbirlar davom etmoqda. Xususan, Samarqand tumani Angarolmos mahallasi yangi binosining foydalanishga topshirish marosimida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov, Samarqand tumani hokimi S.Usmonov ishtirok etib, mahalla ahlini yangi mahalla markazi hamda Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri