Uchquduqda “Mustaqillik to‘yi"
Konchilar va metallurglar maskani – Uchquduqda “Mustaqillik to‘yi” o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda. Shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, qad rostlayotgan yangi inshootlar, yangilanib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan ijtimoiy ob’ektlar Yangi O‘zbekistonning yangilanish ruhini o‘zida namoyon etmoqda.
Biroq xalqimiz uchun bayramning haqiqiy fayzi, avvalo, shodiyona kayfiyat, dillarga quvonch bag‘ishlaydigan madaniy tadbirlar bilan uyg‘unlashganda yanada ortib boradi. Ana shunday ezgu maqsadda Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma’muriyati va kasaba uyushmasi kengashi tashabbusi bilan ishchi-xodimlar, ularning oila a’zolari hamda Uchquduq shahri aholisi uchun katta konsert dasturi tashkil etildi.
Ochiq osmon ostida, zamonaviy yoritish uskunalari bilan jihozlangan va bayramona bezatilgan maydon haqiqiy san’at maskaniga aylandi. O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov hamda “Bravo” orkestri ishtirokidagi konsert dasturi uchquduqliklar uchun nafaqat ko‘ngilochar tadbir, balki unutilmas madaniy voqea bo‘ldi.

Konsert davomida “Bravo” orkestri ijrosida o‘zbek va jahon mumtoz musiqasi durdonalari, mashhur kinofilmlardan tanish va sevimli kuy-qo‘shiqlar, estrada ohanglari yangradi. Jonli ijro, mahoratli musiqachilar va taniqli san’atkorlarning sahnadagi chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
– Har yili Toshkentda o‘tadigan Mustaqillik bayrami tantanalarida ishtirok etishni orzu qilardim. Bugungi konsertda o‘sha orzum amalga oshgandek bo‘ldi, – deydi hayajon bilan Mahliyo Ortiqova. – To‘g‘risi, orkestr ijrosini jonli tarzda birinchi marta ko‘rishim. Uchquduq kengliklarida baralla kuylagan Ramiz Usmonov bilan bir sahnada, bir maydonda uchrashganimdan juda xursandman. Tashkilotchilarga ming bora tashakkur!

Konsertning yana bir o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, tomoshabinlar orasida san’atni kasb qilganlar ham bor edi. Uchquduqlik Muharramoy G‘ulomova madaniyat uyida xonanda bo‘lib ishlaydi. Ammo bu safar u sahnada emas, oddiy tomoshabin sifatida konsertdan bahra oldi. Ayniqsa, opera yo‘nalishidagi asarlar ijrosi unga alohida zavq bag‘ishladi va u taniqli xonandalarga qo‘shilib kuyladi.
– Men uchun bu kun unutilmas kun bo‘ldi, desam yanglishmayman. O‘zim opera yo‘nalishida tahsil olganman. Bunday taniqli orkestr jo‘rligida kuylash aynan Uchquduqda nasib etganini qarang. Ovozimga yonimdagilar tugul, o‘zim ham qoyil qoldim. Odam yayrasa, qo‘shiqlar ham shunday shirali chiqar ekan, – deydi Muharramoy G‘ulomova.

Darhaqiqat, bu kecha Uchquduq ahli uchun musiqa va san’atga oshufta qalblarni birlashtirgan, bayram shukuhini yanada oshirgan fayzli tadbir bo‘ldi. Ochiq osmon ostida yangragan dilbar kuylar, mashhur qo‘shiqlar va samimiy olqishlar shahar uzra uzoq vaqt taralib turdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri