O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti 8Foundry Alliance xalqaro innovatsion klasteriga a’zo bo‘ldi
Bugungi raqamli texnologiyalar davrida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi o‘rni va raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan ularning nufuzli ilmiy-ta’lim tarmoqlari bilan hamkorligiga bog‘liq.
Ayni yoʻnalishda 8Foundry Alliance Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalardagi universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini birlashtiruvchi xalqaro innovatsion platforma hisoblanadi.
Mazkur platforma ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Sohada davlat tashkilotlari hamda biznes sub’ektlarini qamrab oladi.
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib 8Foundry Alliance xalqaro innovatsion klasteriga a’zo bo‘ldi.

Mazkur voqea mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining xalqaro integratsiya jarayonlaridagi muhim qadamlaridan biridir. Shu munosabat bilan universitetda Polsha Respublikasining 8Foundry Alliance xalqaro klasteri rahbariyati vakillari — klaster raisi Rafael Magrish hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis Pyotr Merjvinskiy ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori Hilola Umarova mazkur hamkorlikning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalari uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish strategik vazifalardan biri hisoblanadi, — dedi Hilola Umarova. – Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro grantlar va dasturlarda ishtirok etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini amalga oshirish biz uchun ustuvor yo‘nalishdir. 8Foundry Alliance tarmog‘i mazkur maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Universitetimiz tomonidan a’zolik bo‘yicha barcha hujjatlar imzolanib, klasterga taqdim etildi. Bugungi uchrashuv esa hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va kelgusidagi qo‘shma rejalarni belgilab olish uchun muhim.
Uchrashuv davomida ta’lim va ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarda ishtirok etish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish va texnologiyalar transferi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik universitet uchun bir qator yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar Yevropa universitetlari hamda ilmiy markazlari bilan qo‘shma tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lsa, talabalar xalqaro loyihalarda ishtirok etish, startap g‘oyalarini xorijiy ekspertlar va investorlarga taqdim etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Shuningdek, klaster vakillari universitet faoliyati, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatini o‘rganadi. Kelgusida universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalarining Polshaga tashriflari tashkil qilinib, ilg‘or tajribalar bilan tanishish va malaka oshirish ishlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

– Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining xalqaro rivojlanish strategiyasi va innovatsiyalarga bo‘lgan yondashuvini yuqori baholaymiz, — dedi 8Foundry Alliance xalqaro klasteri raisi Rafael Magrish. — Universitetning klasterimizga qo‘shilishi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz birgalikda yangi tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirdik. Ishonamanki, bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli natijalar beradi
Zamonaviy universitet faqat ta’lim berish bilan cheklanib qolmasdan, innovatsiyalar yaratish, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish va xalqaro hamkorlik maydonlarida faol ishtirok etishi lozim. Shu nuqtai nazardan qaraganda, universitetning 8Foundry Alliance xalqaro klasterga qo‘shilishi ta’lim va ilm-fan sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim jarayondir.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA