O‘zbekiston kubogi: qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida g‘oliblar aniqlandi
Farg‘onaning Qo‘qon shahrida 13 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqasining sablya va shpaga yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Jumladan, musobaqada sablya yo‘nalishida qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Tumaris Jiyenbayeva so‘nggi hal qiluvchi jangda Muhabbat Qayratdinovani taslim etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Ularga yarim finalda imkoniyatni boy berib qo‘ygan Zamira Abduazimova hamda Aziza Jaumetbayeva bronza medallari bilan taqdirlandi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Allayar O‘roqboyev oltin, Ilham Tleumuratov kumush, Nursultan Mirzaboyev va Muhammadrizo Niyozov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Sablya yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘g‘il va qizlar jamoasi bosh sovringa ega chiqdi.
Shuningdek, shpaga bo‘yicha o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida Navoiy viloyatining birinchi jamoasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Toshkent viloyati ikkinchi, Andijon va Farg‘ona viloyatlari jamoalari uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar orasida shpaga bo‘yicha jamoaviy bahslarda ham Navoiy viloyatining birinchi jamoasi oltin medalga ega chiqdi. Samarqandlik qilichbozlar kumush, Buxoro va Andijon viloyatlari jamoalari bronza medallari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA