Kredit qarzdorlikni boshqa shaxs nomiga o‘tkazsa bo‘ladimi?
Huquqiy munosabat
Bugungi kunda bank kreditlari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Biroq moliyaviy sharoitning o‘zgarishi, kutilmagan hayotiy vaziyatlar yoki garovdagi mulkni, jumladan, avtomobil yoki uyni sotish zarurati tufayli ko‘pchilikda bir savol tug‘iladi: «Bo‘ynimdagi kredit majburiyatini rasmiy ravishda boshqa odamga o‘tkazib yuborsam bo‘ladimi?» O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bunday amaliyotga ruxsat beradi, ammo bu jarayonda o‘ziga xos qat’iy talablar va huquqiy qoidalar bor.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
– Fuqarolik kodeksining 322-moddasiga binoan, qarzdorning o‘z qarzini boshqa shaxsga o‘tkazishiga faqat kreditorning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, yangi qarzdor kreditor bilan dastlabki qarzdor o‘rtasidagi munosabatlarga asoslangan barcha e’tirozlarni kreditor talabiga qarshi qo‘yishga haqli.
Agar kafil yoki garovga qo‘yuvchi yangi qarzdor uchun javob berishga rozi bo‘lmasalar, qarz boshqa shaxsga o‘tkazilishi bilan kafillik yoki uchinchi shaxs tomonidan belgilangan garov bekor bo‘ladi. Demak, bank rozi bo‘lsa yuqoridagi harakatlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Asos: Fuqarolik kodeksi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA