Yoshlarning til o‘rganish imkoniyatlari kengaymoqda
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova Kasbiy ta’lim agentligi huzuridagi Kasbiy ta’lim moddiy-texnika ta’minoti markazida bo‘lib, u yerdagi yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Markazda “PROFI DEUTSCH” nemis tilini o‘qitish va “TELC” imtihon markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodning xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lishi, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarni puxta egallashi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois, yurtimizda yigit-qizlarning til o‘rganishi yo‘lidagi moliyaviy va tashkiliy to‘siqlarni olib tashlashga qaratilgan mutlaqo yangi tizim yaratildi.
Mazkur markaz nemis tilini o‘qitish, xalqaro til sertifikatlarini olish imkoniyatini yaratish, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarni Germaniyada dual kasbiy ta’lim — Ausbildung olish va qonuniy mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “TELC imtihon markazida yiliga 5 ming nafardan ortiq yoshning xalqaro imtihon topshirishi va sertifikat olishi uchun imkoniyat yaratish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilganidek, mazkur tashabbus yoshlarning xorijiy tillarni puxta egallashi, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi hamda xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA