O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
2026-yil 16-18-iyun kunlari o‘tkazilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat yirik iqtisodiy tadbir, balki Yangi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti modeli qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganini namoyon etgan muhim maydonga aylandi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Barqaror iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Sulhiya G‘oziyeva tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikamiz iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar markazida aynan investitsiya siyosati turibdi. Avvalgi bosqichlarda o‘sish asosan ichki resurslar yoki davlat xarajati hisobiga ta’minlangan bo‘lsa, bugun sarmoya iqtisodiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. 2017-2025-yillar mobaynida mamlakatga jalb qilingan 150 milliard dollardan ziyod xorijiy mablag‘ning qariyb to‘rtdan uch qismi keyingi besh yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa islohotlar natijasida shakllangan yangi sarmoyaviy muhit xalqaro biznes tomonidan ijobiy qabul qilinayotganidan dalolat.

E’tiborli jihati shundaki, sarmoya ko‘payishi yalpi ichki mahsulot o‘sishidan ham yuqori sur’atda kechyapti. 2017-yil mamlakat iqtisodiyoti qiymati 62 milliard dollar atrofida edi. 2025-yil yakuniga kelib mazkur ko‘rsatkich 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil yakuniga borib esa 180 milliard dollarlik marra zabt etilishi kutilyapti. Bu holat iqtisodiy faollikning yangi manbalari shakllanayotganini anglatadi.
Forumda ilgari surilgan tashabbuslar tahlil qilinganda mamlakat oldida turgan asosiy vazifa faqat mablag‘ jalb qilish emasligi ayon bo‘ladi. Masala investitsiya oqimini barqaror va uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qiluvchi tizimga aylantirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan huquqiy kafolatni kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro tajriba ko‘rsatadiki, investorlarni birinchi navbatda bozor hajmi emas, balki qonun ustuvorligi, mulk daxlsizligi va kelishuv ijrosi kafolatlangani qiziqtiradi. Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusi aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan. Bu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, mamlakatimizda Dubay, Singapur va Ostona kabi moliyaviy xablar bilan raqobatlasha oladigan yangi institutsional muhit shakllanadi.
– Yana bir muhim tendensiya kapital bozori faollashayotganida namoyon, – deydi G‘oziyeva. – Ko‘p yil davomida iqtisodiyotning asosiy moliyaviy manbai bank krediti edi. Hozir esa fond bozori orqali resurs jalb qilish mexanizmi shakllanmoqda. Xalqaro maydonda joylashtirilgan obligatsiya, milliy kompaniyalar aksiyalari tashqi birja savdosiga chiqarilishi va yangi moliyaviy vositalar joriy etilishi mamlakatning global kapital harakatiga integratsiyasini chuqurlashtirmoqda.
Bu jarayon ahamiyatini munosib baholash shart, chunki taraqqiyotning keyingi bosqichida iqtisodiy o‘sishni davlat mablag‘i hisobiga emas, xususiy kapital orqali ta’minlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda sukuk mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi va muqobil investitsiya jamg‘armalari uchun huquqiy asos yaratilishi moliya bozori diversifikatsiyasiga xizmat qiladi.
Forumda muhokama qilingan yana bir strategik yo‘nalish – yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarga sarmoya kiritish masalasi bo‘ldi. Bugungi dunyoda tabiiy boylikka egalik qilishning o‘zi iqtisodiy qudratni ta’minlamaydi. Asosiy daromad resurslarni qayta ishlash, innovatsion mahsulot ishlab chiqarish va texnologiya zanjirining yuqori bosqichida ishtirok etish orqali shakllanadi.
O‘zbekiston yer osti boyliklarining umumiy qiymati trillionlab dollarga baholanishi mumkin, biroq strategik vazifa xom ashyo eksportida emas, balki sanoat mahsuloti yaratishda. Shu nuqtai nazardan “Kelajak metallari” texnoparklari, zamonaviy klasterlar hamda mashinasozlik, robototexnika, farmatsevtika va elektronika sohalariga yo‘naltirilayotgan loyihalar iqtisodiy siyosatning yangi bosqichini anglatadi.
Bu o‘zgarishlar aslida mamlakat iqtisodiyotidagi eng muhim transformatsiyani ifodalaydi. Ilgarigi modelda tabiiy resurslar va an’anaviy tarmoqlar ustunlik qilgan bo‘lsa, yangi yondashuvda texnologiya, bilim va innovatsiya asosiy omilga aylanmoqda.

Shu bilan birga energetika sohasi kelgusi o‘n yillikda rivojlanish sur’atini belgilab beruvchi hal qiluvchi yo‘nalish bo‘lib qoladi. Aholi soni o‘sishi, sanoatlashuv jarayoni va urbanizatsiya elektr energiyasiga talabni muttasil oshirmoqda. Shu sababli quyosh va shamol stansiyalariga kiritilayotgan mablag‘ faqat ekologik loyiha emas, balki iqtisodiy xavfsizlik masalasi sifatida ham muhim.
Yangi iqtisodiyotning yana bir ustuni raqamli texnologiya hisoblanadi. Sun’iy intellekt sohasidagi global raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday texnologiyani milliy iqtisodiyotga joriy qilish qo‘shimcha qiymat yaratish manbasiga aylanishi mumkin. Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, bu yo‘nalish yaqin istiqbolda milliardlab dollarlik iqtisodiy samara keltiradi.
Umuman, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi oddiy biznes muloqoti yoki shartnomalar imzolanadigan anjuman doirasidan ancha keng mazmun kasb etdi. Qolaversa, mamlakat iqtisodiyoti qaysi yo‘ldan borayotgani, davlat qanday rivojlanish modelini tanlagani va xalqaro sarmoyadorlar ayni jarayonga qanday baho berayotganini ko‘rsatib berdi.
Eng muhimi, forumda ilgari surilgan g‘oyalar O‘zbekistonning xom ashyoga tayanuvchi iqtisodiyotdan yuqori texnologiya, sanoat kooperatsiyasi, moliyaviy xizmat va raqamli yechimga asoslangan yangi iqtisodiy tizimga o‘tish harakatini namoyon qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA