Buxoro dashtida pista plantatsiyalari barpo etiladi
Bugun yurtimizda bir qarich yerdan ham unumli foydalanish, tabiiy resurslarni iqtisodiy taraqqiyot omiliga aylantirish va qishloq xo‘jaligida yuqori daromadli tarmoqlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan ilgari samarasiz yoki foydalanilmay kelgan yer maydonlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish borasida yangi yondashuvlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Ana shunday istiqbolli yo‘nalishlardan biri — mamlakatimizda yirik pista plantatsiyalarini barpo etishdir. Mazkur tashabbus doirasida pista yetishtirish bo‘yicha 50 yillik amaliy tajribaga ega Eron Islom Respublikasi mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston hududlarida istiqbolli yer maydonlarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatining Buxoro va Qorovulbozor tumanlarida, shuningdek, viloyatning boshqa hududlarida pista plantatsiyalarini tashkil etish imkoniyatlari atroflicha o‘rganildi. Ushbu o‘rganish jarayonlarida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev, Qorovulbozor tumani hokimi O‘tkir Hamroyev hamda Erondan tashrif buyurgan tajribali mutaxassislar ishtirok etishdi.
Mutaxassislar e’tiborini, avvalo, foydalanilmay turgan cho‘l-dala hududlari tortdi. Yerlarning tuproq tarkibi, unumdorlik darajasi, mavjud suv manbalari, iqlim sharoiti va agrotexnik imkoniyatlar tahlil qilinib, ushbu maydonlarda pista yetishtirishning istiqbollari baholandi. Bu jarayon oddiy yer o‘rganish emas, balki tabiat va iqtisodiyot uyg‘unligini ta’minlaydigan katta loyihaning dastlabki qadami sifatida ahamiyatlidir.
Pista — qurg‘oqchil va issiq iqlim sharoitiga nisbatan chidamli, suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beruvchi, uzoq muddatli va yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega ekinlardan biri. Ayniqsa, Buxoro viloyatining iqlim sharoiti va keng cho‘l-dala hududlari ushbu tarmoqni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Ilgari qishloq xo‘jaligi aylanmasidan tashqarida bo‘lgan yerlarni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish orqali nafaqat yangi mahsulot yetishtirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish mumkin. Eng muhimi, pista yetishtirish ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan cheklanib qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkonini ham beradi. Shu ma’noda, bugun cho‘lda ko‘zga tashlanmay turgan har bir gektar yer ertangi kunda yashil bog‘, daromad manbai va eksport salohiyatiga aylanishi mumkin.
Pista plantatsiyalarini tashkil etishda yerni shunchaki daraxtzorga aylantirish emas, balki har bir hududning tabiiy imkoniyatlarini chuqur o‘rganish muhim. Shu bois o‘rganish natijalari asosida istiqbolli maydonlarni aniqlash, ularning tuproq-iqlim xususiyatlari va suv ta’minotini inobatga olgan holda pista yetishtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eronlik mutaxassislarning ko‘p yillik tajribasi esa mazkur jarayonda muhim amaliy ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi. Chunki pista yetishtirishda nav tanlash, ko‘chatlarni joylashtirish, suvdan samarali foydalanish, parvarishlash va hosildorlikni oshirish kabi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Loyihaning foydali jihatlari faqat qishloq xo‘jaligi bilan cheklanmaydi. Pista plantatsiyalarining kengayishi ko‘chatchilik, agrotexnika, qayta ishlash, qadoqlash, logistika va eksport xizmatlarini ham rivojlantirishi mumkin.
Bu esa bir-biri bilan uzviy bog‘liq yangi iqtisodiy zanjirni shakllantiradi: yer — ko‘chat — bog‘ — hosil — qayta ishlash — eksport. Kelgusida pista yetishtirish uchun qulay bo‘lgan boshqa hududlarda ham ushbu tajribani joriy etish rejalashtirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, pista plantatsiyalarini barpo etish tashabbusi — foydalanilmayotgan yerlarni obod qilishdan ham ko‘ra kengroq ma’noga ega. Bu — cho‘l va dashtlarni iqtisodiy faol hududlarga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish, qishloq xo‘jaligida yangi daromad manbalarini shakllantirish va O‘zbekistonning jahon bozoridagi eksport salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli strategik qadamdir.
Bugun tuproqqa qadaladigan pista ko‘chati ertaga nafaqat hosil, balki yangi ish o‘rni, yangi daromad, yangi eksport imkoniyati va Buxoro dashtidagi yangi yashil manzara bo‘lib bo‘y ko‘rsatishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri