O‘zbekiston global iqtisodiy hamkorlik va kafolatlangan kapital markaziga aylanmoqda
Beshinchi bor o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘zining keng ko‘lami va yuqori nufuzi bilan, shubhasiz, bugungi kunda xalqaro darajadagi eng muhim va nufuzli iqtisodiy anjumanlardan biriga aylandi.
Iqtisodiy diplomatiyaning ushbu yirik platformasi qisqa fursatda misli ko‘rilmagan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Dalil sifatida raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2022-yilda tashkil etilgan ilk forumda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 1000 ga yaqin mehmon va investorlar ishtirok etgan bo‘lsa, bu galgi anjumanda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatidan 10 mingdan ortiq xorijlik vakillar, yirik korporatsiyalar va xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari qatnashdi. Bu esa O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ochiqlik va investitsiyaviy jozibadorlik siyosatiga xorijiy ishbilarmon doiralarning ishonchi nechog‘li yuqori ekanini yaqqol namoyish etadi.
Forumning yalpi majlisida ishtirok etgan davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida investorlar uchun huquqiy kafolatlar va himoya tizimi yangi bosqichga olib chiqilishini alohida ta’kidlab, endilikda sarmoyadorlar huquqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilg‘or mexanizmlar orqali himoya qilinishini ma’lum qildi. Xususan, huquqiy maqomi va kafolatlari mamlakat Konstitutsiyasi bilan mustahkamlanadigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar shu kunlarda yanada jadallashdi. Mazkur markaz Angliya va Uels huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyillar asosida faoliyat yuritadi. Bu esa ishtirokchilar uchun o‘ta jozibador soliq tizimi yaratilishini, hisob-kitoblarning istalgan chet el valyutasida erkin amalga oshirilishini hamda butunlay mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishini anglatadi. Umuman olganda, markaz qatnashchilari O‘zbekistonning o‘zida turib kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi va ushbu yangi tizim xorij sarmoyadorlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Iqtisodiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi 2030-yilga borib mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilish quvvatiga ega bo‘ladi. Natijada har yili yalpi ichki mahsulotning 1 foizgacha qo‘shimcha o‘sishi ta’minlanadi, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rinlari yaratilib, 10 ming nafar mahalliy mutaxassisning xalqaro darajada malakasini oshirishga zamin hozirlanadi.

Prezidentimiz o‘z nutqida O‘zbekistonning nufuzli moliyaviy institutlar va chet el sarmoyadorlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, oltinchi ustuvor yo‘nalish sifatida hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish lozimligi, bunda esa turizm va zamonaviy agrosanoat tarmoqlari strategik ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida yurtimizga kelayotgan xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 million nafarga yetdi va O‘zbekiston xalqaro sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan global beshta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi. Yurtimizda ichki imkoniyatlar darajasida har yili 15-20 million nafar xorijlik sayyohni qabul qilish va kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlarini ko‘rsatish salohiyati mavjud. Shu bois, xorijlik investorlar nafaqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarda, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi yangi turistik va rekreatsion loyihalarda ham faol ishtirok etishga taklif etildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda an’anaviy qishloq xo‘jaligini ilg‘or va yuqori daromadli agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Sohada tizimli islohotlarni yanada chuqurlashtirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida 71 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida o‘tgan yili oziq-ovqat sanoatida 142,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 107 foizni tashkil etdi. Eng muhimi, ushbu islohotlar samarasi o‘laroq, agrar tarmoqda 1,3 million nafar doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratildi. Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilib, jahon bozorida o‘z mahsulot "brendi" va nufuziga ega bo‘ldi. Mamlakatimiz nafaqat qariyb 40 millionlik aholisini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash, balki hosildorlikni yanada oshirish, ekologik toza va organik mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish orqali yaqin istiqbolda eksport hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldiga katta marra qilib qo‘ygan.
Albatta, bunday ulug‘vor va strategik maqsadlarga erishishda xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, mazkur nufuzli investitsiya forumida mamlakatimizning barcha 14 ta hududi rahbarlari ham bevosita ishtirok etdi. Bu esa chet el sarmoyadorlari uchun mahalliy rahbarlar hamrohligida O‘zbekistonning turli viloyatlariga joylarga chiqqan holda tashrif buyurish, hududlarda yaratilayotgan keng imkoniyatlar va infratuzilma bilan bevosita tanishish, yaqindan tajriba almashish hamda o‘z texnologiyalari va kapitallari bilan o‘zaro manfaatli, istiqbolli qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etish uchun noyob va qulay imkoniyat yaratdi.
Nigora Lutfullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati