O‘zbekiston – Germaniya: agrar hamkorlikning yangi istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mattias Follert hamda Germaniya Federal oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va hududiy o‘ziga xoslik vazirligi parlament davlat kotibi Martina Englhardt-Kopf boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot aloqalarini mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdo aylanmasi 61,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Uchrashuvda ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish, mahsulotlar yetkazib berish hajmini ko‘paytirish va savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, 2024-yil 15-sentabrda veterinariya va chorvachilik sohasida imzolangan memorandum doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) negizida Germaniya agrar markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur markaz orqali Germaniyaning ilg‘or agrotexnologiyalari va ilmiy ishlanmalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish nazarda tutilmoqda.
Fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirish, agrar kreditlash tizimini takomillashtirish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini boshqarishda Germaniya tajribasidan foydalanish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnologiyalari almashinuviga xizmat qiluvchi mintaqaviy platforma tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Germaniyaning Vayenshtefan-Trizdorf universiteti bilan hamkorlikda 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan, 50 gektar tajriba maydoniga ega zamonaviy o‘quv-amaliy markaz tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Ushbu tashabbus chorvachilik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishga qaratilgan.
Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida ham qator istiqbolli takliflar bildirildi. Jumladan, Germaniyaning Yulius Kyun instituti bilan sholi maydonlarida tuproq unumdorligini saqlash va oraliq ekinlarni yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikda tadqiqotlar olib borish masalasi ko‘rib chiqildi.

Xoenxaym universiteti bilan esa ingichka tolali g‘o‘za yetishtirishda suv tejovchi va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Germaniya delegatsiyasi O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Parlament davlat kotibi Martina Englhardt-Kopf O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlaridan biri ekanini ta’kidlab, mamlakatimizning agrar salohiyati yuqoriligini qayd etdi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish muhimligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish va qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.
Kamola YUSUPOVA, O‘zA