Kambag‘allik 2,8 foizga tushiriladi: 2025-yil natijalari, 2026-yil rejalari
Kambag‘allikni qisqartirish faqat ishsiz kishini ishga joylashtirish yoki oilaga kredit ajratishdan iborat emas. Eng muhimi, insonning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, oilasini mustaqil ta’minlashi va ertangi kuniga ishonch bilan qarashi.
OAV uchun kontent tayyorlash markazida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining 2026-yil 9 oylik natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda vazirlik mutasaddilari, markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda 5,4 million nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlangan. Ularning 1,3 million nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 2,1 million nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2025-yilda 761 ming oilaning imkoniyatlari va ehtiyojlari o‘rganilib, ular uchun individual rejalar ishlab chiqilgan. Shundan 523 ming oila, ya’ni 2,3 million aholi daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olindi. Ushbu oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2,2 trillion so‘m kredit ajratildi, 265 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak berildi. Shuningdek, 369 ming fuqaro ishga joylashtirilgani, 528 ming nafar kishi tadbirkorlikka jalb etilgani va 54 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgani qayd etilgan.
Shuningdek, 2025-yilda mahallalarda hokim yordamchilari tashabbusi bilan qariyb 410 ming мiкролойiҳа ishga tushirilib, 840 ming nafar aholining daromadi oshirilgan. 32 ta yo‘nalishda pilot loyihalar amalga oshirilib, 200 ming kambag‘al oilaning daromadini oshirishga erishilgan. Jumladan, 484 ta kooperativ tashkil etilgan, 8 ming 667 ta kambag‘al oilaga 21 ming gektar o‘rmon fondi yeri ijaraga berilgan, 52 ta turizm mahallasida xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlantirilgan.
O‘tgan yili 5,1 million xonadonning tomorqasi xatlovdan o‘tkazilib, 478 ming gektar yer maydoni bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirilgan. Shuningdek, 770 ming fuqaroga 230 ming gektar yer ijaraga berilgan. “Og‘ir” toifadagi 864 ta mahallada sug‘orish infratuzilmasi barpo etilgan, 467 ming xonadon ilk bor suv bilan ta’minlangan. Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash uchun 3 trillion so‘m bank krediti, 385 milliard so‘m agrokompaniyalar mablag‘lari hamda 134 milliard so‘m subsidiya va lizing mablag‘lari ajratilgan.

Vazirlikning 2026-yil uchun rejalariga ko‘ra, kambag‘allik darajasini 5,8 foizdan 2,8 foizga tushirish, 1 million kishini doimiy ish bilan ta’minlash va 4 million aholining daromadini oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari 263 ming kambag‘al oila manzilli xizmatlar bilan qamrab olinadi, 3,5 ming mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish rejalashtirilgan.
Yangi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun 165 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA