Amerikadagi o‘zbek bog‘chasi (+video)
Atlantika okeani ortida, AQSHning Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya shahrida o‘zbek tili yangraydi, milliy qo‘shiqlar kuylanadi, an’analarimiz e’zozlanadi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan "Baxtli kunlar“ (Happy Days) bolalar bog‘chasi nafaqat kichkintoylar ta’lim-tarbiyasi, balki milliy o‘zlikni asrab-avaylash va qadriyatlarimizni yosh avlodga yetkazishga xizmat qilayotgan maskan sifatida ham ahamiyatlidir.
Faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, bog‘chada bolalarning mazmunli dam olishi, ilk ta’lim ko‘nikmalarini egallashi va zamonaviy usullar asosida tarbiyalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda har bir mashg‘ulot bolajonlarning qiziqishlarini oshirish, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish bilan birga, milliy madaniyatimizga mehr uyg‘otishga ham yo‘naltirilgan.
Bog‘cha mudirasi Nigina G‘afforovaning ta’kidlashicha, ota-onalar ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun. Farzandlarini ushbu maskanga berish istagida bo‘lgan oilalar sonining ortib borayotgani esa jamoa mehnatiga bildirilayotgan ishonch ifodasidir.
Bog‘chaning e’tiborga molik jihati shundaki, bu yerda ta’lim-tarbiya jarayoni milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘unlashtirilgan. Bolalarga o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, urf-odatlari va an’analari o‘rgatiladi. Ular o‘zbek va ingliz tillarida qo‘shiqlar kuylab, she’rlar aytish orqali til ko‘nikmalarini rivojlantiradilar. Ayniqsa, milliy qo‘shiqlarimizning bolalar repertuaridan o‘rin olgani ona tilimiz va madaniyatimizga bo‘lgan mehrni erta yoshdan shakllantirishga xizmat qiladi.
Navro‘z va Mustaqillik bayrami kabi muhim sanalar bu yerda alohida tayyorgarlik bilan kutib olinadi. Bolajonlar bayram dasturlarini tayyorlab, milliy qo‘shiqlar ijro etadilar, she’rlar aytadilar va raqsga tushadilar. Ularning milliy liboslarda chiqish qilishi esa tadbirlarga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Shu tariqa, minglab chaqirim olisda ham o‘zbekona bayramlar ruhi, milliy san’atimiz va an’analarimiz bolalar hayotining bir qismiga aylanmoqda.
Bog‘cha mudirasi o‘rinbosari Madina Zoyitovaning aytishicha, bolalarning ona tilini saqlab qolishi va uni puxta o‘zlashtirishiga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. O‘zbek tilida erkin muloqot qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Zero, tilni bolalikdan o‘rganish nafaqat so‘zlashuv ko‘nikmasini, balki o‘zlikni anglash va milliy ildizlarga daxldorlik tuyg‘usini ham mustahkamlaydi.
Milliylik bog‘chaning dasturxonida ham namoyon bo‘ladi. Bolajonlarga vaqti-vaqti bilan o‘zbek milliy taomlari tayyorlab beriladi. Bu kabi an’analar bolalarni milliy taomlarimiz bilan tanishtirish, ularda o‘zbekona qadriyatlarga nisbatan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Filadelfiyadagi “Happy Days” bolalar bog‘chasi tajribasi bir haqiqatni eslatadi: inson qayerda yashamasin, uning tili, madaniyati va milliy qadriyatlari avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan ma’naviy tayanchdir. Bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish, milliy qo‘shiqlarimizni kuylatish, bayramlarimizni nishonlash va an’analarimizni tanitish orqali bu maskan ana shu ezgu maqsadga hissa qo‘shmoqda.
Zero, milliy merosni asrash faqat o‘tmishni yod etish emas, balki uni kelajakka yetkazish hamdir. Olis Amerika zaminida bolajonlar qalbiga o‘zbekona mehr, ona tiliga hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqatni singdirishga intilayotgan bunday tashabbuslar xalqimizning ma’naviy boyligini asrab-avaylash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Bahodir Sharopov, O‘zA
Filadelfiya, AQSH