Nabaviy meros bo‘yicha xalqaro anjuman Samarqandda tashkil etildi
Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Nabaviy meros bo‘yicha X xalqaro anjuman – “SWAN X 2026” ish boshladi.
“Globallashuv sharoitida barqaror taraqqiyot va oqilona yetakchilik: Payg‘ambarimiz merosi va zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi konferensiya Malayziya Islom ilmlari universiteti (USIM), Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti (UniSIRAJ) va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.
SWAN – Nabaviy merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, Qur’on va Sunnatga asoslangan ilmiy qarashlarni bugungi kunning dolzarb muammolari bilan bog‘lashga qaratilgan xalqaro ilmiy platforma hisoblanadi. Anjuman Malayziya Islom ilmlari universiteti (USIM) va Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti (UniSIRAJ) tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi.
Xalqaro konferensiya ochilish marosimida Malayziyaning Perlis shtati valiahd shahzodasi Tuanku Sayyid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayyid Sirojiddin Jamolullayl, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va Malayziya Islom ilmlari universiteti vakillari so‘zga chiqib, xalqaro anjumanining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, Imom Buxoriy va boshqa buyuk muhaddislar ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, Samarqandning islom sivilizatsiyasi va ilm-fan markazlaridan biri sifatidagi tarixiy mavqeini namoyon etishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– O‘zbekiston Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari buyuk muhaddislar ilmiy merosi bilan bog‘liq tarixiy makon sifatida Nabaviy merosni tadqiq etish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish va islom sivilizatsiyasining boy ilmiy an’analarini targ‘ib qilish uchun muhim markazlardan biri hisoblanadi, – dedi Shovosil Ziyodov. – Zero, Imom Buxoriy hazratlari butun umrini payg‘ambarimiz hadislarini to‘plash, saralash va ularning ishonchliligini ilmiy mezonlar asosida aniqlash va kelajak avlodlarga yetkazishga bag‘ishlangan. U zotning “Jomi as-sahhih” asari asrlar davomida islom ilm-fani, ma’naviy hayotining eng muhim manbalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Shu ma’noda Nabaviy merosni o‘rganishga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjumanning markazimizda o‘tkazilishi biz uchun katta sharaf va yuksak mas’uliyatdir.
[gallery-31801]
Anjumanda Nabaviy merosning murakkab global vaziyatlarda amaliy yo‘l-yo‘riq sifatidagi ahamiyatini yoritish, qurolli mojarolar, gumanitar inqirozlar va iqtisodiy muammolarni Qur’on va Sunnat nuqtai nazaridan tahlil qilish, Payg‘ambarimizning murakkab ijtimoiy sharoitlardagi yetakchilik uslubini tadqiq etishga qaratilgan ma’ruzalar taqdim etildi. Malayziya va O‘zbekiston olimlari tomonidan global beqarorlik sharoitida Nabaviy boshqaruv, hadislarga asoslangan inqirozlarni boshqarish modeli, O‘zbekistondagi diniy islohotlar va Nabaviy meros masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, taniqli muhaddis Shayx doktor Bashshor Avvod Ma’ruf va Perlis shtati muftiysi professor Dato doktor Muhammad Asri Zaynul Obidin asosiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Islom ilmlari universiteti (USIM), Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti (UniSIRAJ) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Anjuman 7-oktabr kuni onlayn formatda davom ettiriladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari