“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: yashil iqtisodiyot farovonlik omili (+video)
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yashil iqtisodiyotga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming mega-vattga hamda jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ayniqsa, 9 gVt quyosh va 5 gVt shamol elektr energiyasi stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida hamda quvvati salkam 2 gVt bo‘lgan 28 ta gidroelektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangani ham ahamiyatlidir. Buning natijasida respublikamizda milliardlab kub metr zangori olov tejab qolinadi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida quyosh fotoelektr stansiyalari orqali 3 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Natijada 613 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan. 1,5 ming tonna is gazlari tarqalishining oldi olingan. Respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqarish va ularni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Yunusobod tumanining kichik sanoat zonasida joylashgan “Sun-hightech” korxonasi yurtimizdagi yirik quvvatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarish, loyihalash, o‘rnatish va servis xizmatlari ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi. Korxona mahsulotlari asosan jahonning mashhur brendlari tomonidan yetkazib berilayotgan eng sifatli xom-ashyo materiallaridan tayyorlanadi.
INTERVYU:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8XVupWf5dmY" title="“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: yashil iqtisodiyot farovonlik omili" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Elmurod Abdullayev “Sun-hightech” korxonasi bosh direktori
Bugungi kunda yurtimizda ana shunday korxonalardan 5 tasi faoliyat yuritib kelmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalar respublika bo‘yicha 58 750 ta ob’ektga o‘rnatilgan. Ularning umumiy quvvati ayni paytda 411 MVt tashkil etmoqda. Jumladan, Bojxona qo‘mitasining “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ijtimoiy soha va davlat idoralari ob’ektlariga 176 MVt o‘rnatilgan, tadbirkorlik sub’ektlari 157 MVt, qolgani aholi xonadonlari va ko‘p qavatli uylar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA