Migratsiya faqat ko‘chish emas – inson kapitali, iqtisodiyot va xavfsiz kelajak masalasi
2026-yil 18-19-may kunlari Toshkent shahrida mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy hamda huquqiy himoya qilishga bag‘ishlangan Xalqaro migratsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Yirik xalqaro maydon sifatida e’tirof etilayotgan mazkur tadbirda xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, biznes doiralari va ekspertlar hamjamiyatining 300 dan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) hamkorligida tashkil etilmoqda. Dastur doirasida mehnat migratsiyasi, malakali kadrlar tayyorlash, gender masalalari, yoshlar ishtiroki va iqlim o‘zgarishining migratsiyaga ta’siri kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Shuningdek, B2B, B2G va G2G formatlarida uchrashuvlar, yangi hamkorlik kelishuvlari imzolash ham rejalashtirilgan.
Bugungi kunda migratsiya nafaqat iqtisodiy jarayon, balki inson qadri, mehnat huquqi va barqaror taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liq global masala sifatida e’tirof etiladi. Shu bois tadbir arafasida IOM ekspertlari mehnat migratsiyasi, pul o‘tkazmasi, xavfsiz mehnat yo‘lagi va inson huquqi mavzulari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Pul o‘tkazmasi – oilalar va iqtisodiyotni bog‘lab turuvchi tirik ko‘prik
Jenevadagi IOM mintaqaviy loyihalar bo‘yicha katta menejeri Vivian Van der Vorstga ko‘ra, migratsiya va taraqqiyot o‘rtasidagi eng asosiy bog‘liqlik – pul o‘tkazmasi. Uning ta’kidlashicha, mehnat muhojiri yuborgan mablag‘ xorijdagi mehnat bozoridan oilalar, mahalliy iqtisodiyot va jamoalarga bevosita kirib keladigan muhim moliyaviy resursdir.
– Global pul o‘tkazmasi migratsiya va rivojlanish o‘rtasidagi eng kuchli mustahkam zanjirlardan biridir, – deydi ekspert. – Bunday mablag‘ oilalarga tashqi moliyaviy yordamga nisbatan tez va barqaror tarzda yetib boradi. Migratsiyani faqat aholi harakati emas, balki taraqqiyot mexanizmi sifatida baholash muhim. Migratsiya – xalqaro va mahalliy rivojlanishning bir qismi. Agar ushbu jarayon to‘g‘ri boshqarilsa, migrantlar va ularning oilalari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, qabul qiluvchi davlatlarda mehnat bozori ehtiyojiga javob beradi hamda kelib chiqish mamlakatlaridagi jamoalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Mulozim O‘zbekistonga ham alohida to‘xtalib, pul o‘tkazmasi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanganini ta’kidladi:
– Milliy darajada pul o‘tkazmasi yalpi ichki mahsulotning taxminan 14 foiziga teng. O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun sezilarli darajada ahamiyat kasb etadigan bu mablag‘ ichki talabni qo‘llab-quvvatlaydi, mahalliy biznes faoliyatini rag‘batlantiradi va mehnat bozoridagi bosimni yumshatadi. Shu bilan birga ko‘plab o‘zbek oilalari uchun pul o‘tkazmasi shunchaki qo‘shimcha daromad emas, balki odatiy turmushrejasining muhim qismi sifatida kundalik ehtiyoj, ta’lim, uy-joy, qarz to‘lash va bolalar kelajagiga sarmoya kiritishga ko‘maklashmoqda.
Xavfsiz migratsiya dalillarga asoslangan yondashuv talab qiladi
Xalqaro migratsiya tashkilotining Venadagi mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Ionela Timofte xavfsiz va tartibli migratsiyani ta’minlash uchun avvalo aniq tahlil va ehtiyojga asoslangan yondashuv zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, yangi mehnat yo‘laklari yaratish yoki mavjudlarini kengaytirish jarayoni mehnat bozori tahlili, migratsiya tendensiyasi va xavf ehtimoliga asoslanishi kerak:
– Migratsiya siyosati haqiqiy ehtiyojga javob berishi, barqarorlashishi, migrant, kelib chiqish hamda qabul qiluvchi davlat uchun birdek manfaatli natija berishi lozim. Eng muhimi, tizim inson manfaatiga xizmat qilishi shart. Migratsiyaning tayyorgarlik, ishga joylashish, qaytish va reintegratsiya singari barcha bosqichlarida inson huquqi va himoya mexanizmi markazda turishi kerak. Bu ekspluatatsiya xavfini kamaytiradi va insonga xavfsiz, munosib hamda ongli tanlov asosida harakatlanish imkonini beradi.
Ekspert davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi:
– Xavfsiz va tartibli migratsiya hukumat, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilot o‘rtasidagi hamkorliksiz samarali ishlamaydi.
Mehnat migratsiyasida asosiy masala – inson kapitali
IOMmehnat mobilligi va ijtimoiy integratsiya bo‘yicha mintaqaviy mutaxassisi Jeyson Teyed mehnat migratsiyasi tizimi zamonaviy mehnat bozori ehtiyojiga moslashishi lozimligiga urg‘u berdi.
Uning ta’kidlashicha, mehnat yo‘lagi qabul qiluvchi davlatdagi kadrlar ehtiyoji va kelib chiqish mamlakatidagi malaka imkoniyati asosida shakllantirilishi lozim:
– Dalilga asoslangan yondashuv mehnat bozoridagi haqiqiy ehtiyojni aniqlashga yordam beradi va malaka nomuvofiqligini kamaytiradi. Malaka va diplomni tan olish masalasi ham mehnat mobilligida hal qiluvchi omillardan biri. Ta’lim tizimi, ish beruvchi va malaka tan olinishi mexanizmi o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytirilishi zarur. Bu ishga qabul qilish va mehnat mobilligiga erishishni sezilarli darajada yengillashtiradi.
Mutaxassisning fikricha, mehnat migratsiyasi faqat ish bilan ta’minlash emas, balki insonni jamiyatga integratsiya qilish jarayonining bir bo‘lagidir:
– Til o‘rganish, ish joyiga moslashish va keyin kasbiy o‘sish imkoniyati yaratilsa, bu ham xodim, ham tizim uchun uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi.
Toshkentda o‘tadigan xalqaro forum aynan shunday dolzarb masalalarni global darajada muhokama qilish, xavfsiz va qonuniy migratsiya mexanizmini takomillashtirish hamda inson manfaati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Musulmon Ziyo, O‘zA