“O‘zbek yo‘lbars"lari Meksikada g‘alabaga erishdi
Bugun - 22 may kuni erta tongda Meksikada Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov hamda Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Iqboljon Xoldorov professional boksdagi navbatdagi janglarini o‘tkazishdi.
Super yarim o‘rta vazn toifasida harakat qilayotgan Xoldorov meksikalik tajribali raqibi Ramon Baraxasga qarshi to‘liq 6 raund harakat qildi. Yakunda hakamlarning yakdil qarori bilan charm qo‘lqop ustamiz g‘alaba qozondi.
Professional boksning birinchi o‘ta yengil vazn (48,8 kg) toifasidagi charm qo‘lqop ustamiz Hasanboy Do‘smatov ham mahalliy bokschi Moyzes Gutterezga qarshi ringga ko‘tarildi. Uning raqibi prof ringda 10 ta jang o‘tkazib, 7 tasida g‘alabaga erishgan.

Cakkiz raundga mo‘ljallangan jang uchinchi raundda Do‘smatovning raqibini texnik nakautga uchratishi oqibatida to‘xtatildi va g‘oliblik o‘zbekistonlik bokschiga berildi.
Har ikkala bokschimizning o‘zga yurtda mahalliy sportchilarni mag‘lub etishi o‘ziga xos shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. “O‘zbek yo‘lbars"lari g‘oliblik uchun joy va raqib tanlamasligidan dalolat bu.
Aytish joiz, ushbu g‘alabalar evaziga Hasanboy Do‘smatov professional boksdagi beshinchi g‘alabasini nishonlagan bo‘lsa, Iqboljon Xoldorov uchinchi jangning uchinchi yutug‘ini tantana qildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA