O‘zbek sportining yuksalish tendensiyalari Krasnoyarsk forumida e’tirof etildi
Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahrida 20 ga yaqin davlat sport mutaxassislari ishtirokida o‘tgan “Rossiya – sport mamlakati” xalqaro forumida O‘zbekiston sportining mutasaddi va mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov “Global o‘zgarishlar davrida dunyoni birlashtirayotgan sport”, “Yangicha formatdagi hamkorlik aloqalari va musobaqalar”, O‘zbekiston antidoping markazi rahbari Abdushukur Sodiqov “Antidopingning global tizimlari: Rivojlanishdagi yangicha talqinlar”, O‘zbekiston eshitish qobiliyati past sportchilar federatsiyasi rahbari Davron Xidirov “Eshitishda nuqsoni bor sportchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlarning milliy modeli” mavzusidagi chiqishlarida yangi O‘zbekiston sportining yuksalish tendensiyalari haqidagi qiziqarli va ilmiy asoslangan ma’lumotlar taqdim etildi.

Ushbu forum doirasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari Belarus Respublikasi sport va turizm vazirligi mutasaddi va mutaxassislari bilan ikki mamlakatning sport sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash hamda istiqboldagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikrlashishdi.

Shuningdek, mamlakatimiz sport sohasi vakillari forum davomida Serbiya, Braziliya, Keniya kabi bir qator davlatlarning sport sohasi mutasaddilari bilan jismoniy tarbiya va sportning turli yo‘nalishlari haqida suhbatlashdi.
Muloqotlar jarayonida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA