O‘zbek shoirasi taqdirlandi
Turkiyaning Gaziantep shahrida 5 - Xalqaro adabiyot va kitob festivali tashkil etildi.
Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va boshqa turkiy davlatlardan kelgan yozuvchi, shoir va olimlar qatnashmoqda.

Turkiy tilli mamlakatlar ijodkor ziyolilari qatnashayotgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari — filologiya fanlari doktori, professor Suvon Meli, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, shoira Xosiyat Rustamova hamda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’mirov, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova ham ishtirok etmoqda.
Mazkur anjumanda turkiy xalqlar orasida adabiy aloqalar mustahkamlanishida qo‘shayotgan hissasi uchun taniqli shoira Xosiyat Rustamova Arif Nihat Asya Şiir Ödülü (Arif Nihat Asya she’riyat mukofoti) mukofoti bilan taqdirlandi.
Shoiraning she’rlarida inson qalbining eng nozik va iztirobli lahzalari hech qanday bo‘yoqlarsiz, dardli va ajabtovur tarzda samimiy ifodalanadi. U ijodni ilohiy vazifa sifatida anglagan holda, ko‘ngil kechinmalarini rostgo‘ylik bilan tasvirlaydi.

Uning lirikasida tasavvuf falsafasi (ilohiy ishq, ichki poklanish) va milliy folklor an’analari zamonaviy poetik tafakkur bilan muvaffaqiyatli ug‘unlashgan. Xosiyat Rustamova she’riyatida tabiat faqat manzara emas, balki inson ruhiyatining aksi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning ijodida “ekoshe’riyat” elementlari kuchli bo‘lib, tabiat obrazlari (daraxtlar, qushlar, yomg‘ir) orqali lirik qahramonning ichki dunyosi ochib beriladi.
Shoiraning asarlari ingliz, ozarbayjon, rus va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Uning "Rangli ko‘zyoshlar" (Britaniya) va "Meni yuraklardan top" (AQSH) kabi to‘plamlari xalqaro adabiy hamjamiyatda yuksak baholangan.
N.Usmonova, O‘zA