Nuroniylar kuylaganda...
“Nuroniy” jamg‘armasi tashabbusi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi, tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yetti nafar nuroniy maqom va milliy yo‘nalishdagi qo‘shiqlarni ijro etdi.
San’at shunday jozibador kuchki, u na chegara, na yosh, na ko‘ngil tanlaydi. Musiqa, san’at, adabiyot kirib borgan har qanday davra fayzga to‘ladi, insonlarga huzur bag‘ishlaydi, dilga orom beradi.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani madaniyat markazida uyushtirilgan “Nuroniylar kuylaganda” ko‘rik-tanlovning hududiy tuman bosqichida ana shunday taftli manzara o‘z ifodasini topdi. O‘ziga xos ko‘rikda 60 yoshdan oshgan erkaklar va 50 yoshdan yuqori ayollar uchun sahna ochiq maydon vazifasini o‘tadi.

– Uzoq yillar ta’lim sohasida faoliyat olib borganman. Hozir keksalik gashtini suryapman. To‘g‘risi, qo‘limga tor cholg‘usini olmaganimga 20 yildan oshgandi, – deydi tanlovning 77 yoshli ishtirokchisi Sobitxon Ayupov. – Bugungi tanlov tufayli yoshlik paytlarimga qaytgandek o‘zimni his qildim. Biz, nuroniylarga qaratilayotgan e’tibor uchun behad minnatdormiz.

Tanlov davomida o‘z iqtidori bilan ajralib turgan Mahmudjon Kenjayev va Abdumutal Akramov g‘oliblikni ko‘lga kiritib, viloyat bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Barcha ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlandilar. Qolaversa, tumandagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida maqom yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar ham rag‘batlantirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisining o‘rinbosari Abdurashid Boltaboyev bu kabi jozibador tanlovlar doimiy ravishda o‘tkazilib borilishini ta’kidladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.