Istiqloldan ilhom olgan musavvir
Alisher Aliqulov xalqimizning boy tarixi, buyuk ajdodlarimiz siymosini monumental va dastgohli rangtasvir asarlarida yuksak mahorat bilan gavdalantirib kelayotgan ijodkordir.
U 1966-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Yoshligidanoq tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishi uni ushbu sohada professional ta’lim olishga undadi. Dastlab Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida tahsil oldi. Rangtasvirning ilk sir-asrorlarini o‘rgandi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil oldi. Oliy ta’lim maskanida mahoratini yanada charxlab, rangtasvir yo‘nalishida taniqli ustoz san’atkorlardan saboq oldi.
Ijodining shakllanishi mustaqil O‘zbekiston davriga to‘g‘ri keldi. Istiqlol yillarida milliy o‘zlikni anglash, tarixni qayta tiklash va buyuk ajdodlar xotirasini e’zozlashga ustuvor ahamiyat qaratila boshlandi. Rassom ayni shu jihatlarni yurakdan his qilib, o‘z ijodini tarixiy va monumental rangtasvir janriga bag‘ishladi.

Rassomning milliy san’atimiz ravnaqi yo‘lidagi mehnatlari yuksak qadr topdi. Alisher aka O‘zbekiston Badiiy akademiyasining oltin medali, Vatanimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “Akademik-rassom” faxriy unvonlariga sazovor bo‘ldi.
Ijodkorni zamonaviy O‘zbekiston monumental rangtasvirining ilg‘or vakili deb atash mumkin. Uning yirik hajmli devoriy suratlari mamlakatimizning eng muhim madaniyat va jamoat, ma’rifat majmualarini bezab turibdi.
Jumladan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyining ichki devorlaridagi mahobatli asarlar musavvir ijodiga mansub yuksak asarlardandir.

Rassomning devoriy suratlari faqat muzeylar bilangina cheklanmaydi. U bir qator madaniy-ma’rifiy binolarning intererlari uchun ham yirik pannolar yaratgan. Jumladan, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyida jadidlar xotirasiga bag‘ishlangan ta’sirli va falsafiy asarlar ishlagan. Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi binosida Sohibqiron shaxsiyati va davlatchilik an’analarini ulug‘lovchi suratlar, Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida o‘zbek polvonlari va sportchilarining g‘alabalariga bag‘ishlangan, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida O‘zbekiston va o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan qahramonliklari aks etgan betakror pannolari ana shunday betakror asarlar sirasiga kiradi.
Alisher Aliqulov portret janrida ham barakali ijod qilmoqda. Xususan, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Al-Farg‘oniy siymolarini va ularning ruhiy dunyosi, matonati va donishmandligini ham munosib ravishda ochib bergan.

Mohir musavvir asarlarida milliy epos va afsonalar, masalan, «Alpomish» dostoni mavzulari, xalq o‘yinlari (uloq-ko‘pkari, kurash) aks etgan, harakatlarga boy va koloriti yorqin rangtasvir asarlar salmoqli o‘rinlarni egallaydi. Shuningdek, O‘zbekistonning betakror tabiati, tarixiy shaharlari (Samarqand, Buxoro, Xiva) va xalqimizning kundalik hayoti aks etgan lavhalar ham ustoz musavvir asarlarida keng tarannum etiladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida Toshkent shahrida barpo etilgan muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kirish zalidagi mahobatli mozaika asarlarining yaratilishida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Alisher Aliqulov va “Art-trio” guruhi, ijodiy loyiha badiiy rahbarlari – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, akademik Tursunali Qo‘ziyev, O‘zbekiston xalq rassomlari, akademiklar Bahodir Jalolov, Sobir Raxmetovlarning hissasi beqiyos. 14 monumental mozaika ravoqlari ushbu markazga kelgan tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Har birining balandligi 10 metr, eni 3 metr, 30 kvadrat metr hajmli ushbu 14 kompozitsiya umumiy maydoni 365 kvadrat metr maydonni egallagan. Uch yil davomida yaratilgan bu monumental san’at asarlari nainki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki Osiyo hududi tarixidagi eng katta mozaika asari hisoblanadi.

Ushbu asarlar markazdagi Islom Renessansi davrlari, ilm-fan va davlatchilik tarixiga bag‘ishlangan. Ularda aks ettirilgan ilk Islom Renessansi (IX-XII asrlar) Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk mutafakkirlarning ilmiy izlanishlari va bahs-munozaralari tasvirlangan lavhalar tomoshabinni befarq qoldirmaydi.
Temuriylar Renessansi (XIV-XV asrlar)ga oid mahobatli lavhalar, jumladan, Amir Temur davrida ilmu ma’rifatning yuksalishi, Mirzo Ulug‘bek va uning maktabi vakillari (G‘iyosiddin Jamshid Koshiy va boshqa allomalar) hamda Ali Qushchi singari olimlarning falakiyot va matematika sohasidagi kashfiyotlari aks etgan lavhalar yurtimiz va xorijlik mehmonlarning hayrati, havasiga sazovor bo‘lmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus bo‘limlarida, shuningdek, Bobur va boburiylar sulolasi tomonidan Hindistonda barpo etilgan madaniy va ilmiy merosga bag‘ishlangan asarlar ham joy olgan. Ijodkorlar tomonidan Boburiylar davrining me’morchiligi, adabiyoti va san’at gullab-yashnagan davri maxsus ravoqlarda (arka) aks ettirilgan. Kompozitsiyada Boburshohning ijodiy olami, «Boburnoma»ning yaratilishi va sulola vakillarining buyuk bunyodkorlik ishlari falsafiy ranglarda ifodalangan.
Islom sivilizatsiyasi markazi uchun chizilgan devoriy suratlar shunchaki tarixiy voqelikni ko‘rsatib qolmay, XXI asrda islom san’ati va ma’rifatining qayta uyg‘onishini (Uchinchi Renessans poydevorini) ifodalovchi o‘ziga xos g‘oyaviy-badiiy dasturdir. Shuningdek, «Ilm, ma’rifat va uyg‘unlik» pannosi muzeyning to‘qqizinchi bo‘limi uchun maxsus ishlangan bo‘lib, unda islom dunyosining ilm-fanga, bag‘rikenglikka va jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi juda keng va chuqur kompozitsiya orqali ochib berilgan.
Muazzam maskandagi ushbu ijod namunalari o‘zining betakror boy ifoda uslubi, tarixiy shaxslar qiyofasining aniq va jonli ifodalangani hamda mahobati bilan mahalliy va xorijlik sayyohlarda juda katta taassurot qoldirmoqda.
Alisher Aliqulovning ijod namunalari nainki O‘zbekistonda, balki jahon miqyosida ham yaxshi tanilgan. U ko‘plab xalqaro biyennale va ko‘rgazmalar ishtirokchisidir. Uning shaxsiy va guruhli ko‘rgazmalari Germaniya, Misr, Xitoy, Turkiya, Rossiya, AQSH va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Rassom asarlari xorijiy san’atshunoslar tomonidan Sharq renessansi ruhini zamonaviy rangtasvir tilida eng yaxshi ifodalab bergan namunalar sifatida e’tirof etiladi. Bo‘lajak rassomlarga ustozlik qilish Alisher Aliqulov faoliyatining muhim qismidir. U O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va tasviriy san’at o‘quv yurtlarida yosh iqtidorlarga mahobatli san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Ustozning shogirdlari bugungi kunda respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etmoqda.

Ustoz musavvir Alisher Aliqulov istiqlol bergan imkoniyatlardan ruh va ilhom olgan, mo‘yqalami bilan tarixni so‘zlatgan, milliy g‘urur va vatanparvarlik g‘oyalarini ranglar jilosida kuylagan jonkuyar ijodkordir. Uning asarlari kelajakda ham millatimizning bebaho madaniy merosi bo‘lib qadrlanadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA