O‘zbek futbolining yangi iste’dodlari kashf etildi
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xususan futbolni yanada ommalashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millionlar o‘yinining zavqi mahalla-yu qishloqlargacha kirib bormoqda.
Bugun har bir tuman, mahalla, kerak bo‘lsa ko‘chaning ham o‘z futbol jamoasi bor. Ular o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqalar, turnirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishini ta’minlash bilan bir qatorda iste’dodlarni kashf etishda o‘z samarasini bermoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar terma jamoalari o‘rtasida turli yosh toifalari bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati bunga yaqqol misoldir.
Poytaxtimiz mezbonligida o‘tgan 2010 yilda tavallud topgan futbolchilar o‘rtasidagi musobaqaning finalida Namangan viloyati terma jamoasi Farg‘ona viloyati jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Asosiy bo‘limlarda hisob ochilmadi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda namanganlik yosh futbolchilar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqa chempionligiga erishdi.

Xuddi shuningdek, Surxondaryo viloyatida 2009 yilda tavallud topganlar o‘rtasidagi chempionatda Toshkent shahri terma jamoasi g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, 2008 yilda tavallud topganlar o‘rtasida Navoiyda kechgan musobaqada Samarqand viloyati terma jamoasi, 2007 yillar o‘rtasida Farg‘ona viloyatidagi musobaqada Namangan terma jamoasi mamlakat chempioni bo‘ldi.
Mazkur musobaqalarni yosh toifalari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining murabbiylari, malakali futbol mutaxassislari bevosita kuzatib borgani, terma jamoalarga nomzodlar saralangani e’tiborli bo‘ldi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislarining bildirishicha, ushbu chempionat o‘yinlari davomida ming nafardan ziyod yosh futbolchilar ko‘rikdan o‘tkazildi va bu jarayon bevosita viloyatlarda, yosh toifalari bo‘yicha terma jamoalarda yana davom etadi.
Muhimi, mazkur chempionat natijasida o‘nlab talantlar, o‘zbek futboli dovrug‘ini doston etish orzusini qalbiga jo aylagan iste’dodlar kashf etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA