Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya Istanbul deklaratsiyasini qabul qildi
Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya Istanbulda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining o‘ninchi uch tomonlama uchrashuvida strategik sheriklikka sodiqliklarini yana bir bor tasdiqladilar. Bu haqda Ozarbayjon TIV tarqatgan xabarda aytilgan.
Tomonlar qabul qilgan Istanbul deklaratsiyasida uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor e’tirof etib, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va transport aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘lining ahamiyati va energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Boku – Tbilisi – Jeyhan neft quvuri va Janubiy gaz yo‘lagining nafaqat mintaqa, balki Yevropa energiya xavfsizligiga ham qo‘shgan hissasi yuqori baholandi.
Uch mamlakat vakillari savdo, investitsiya, yashil quvvat, terrorizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorliklarini tasdiqladilar. Anjuman yakunida keyingi shunday uchrashuvni 2027-yil Gruziyada o‘tkazishga qaror qilindi.
S.Rahimov, O‘zA