Fransiya o‘rmonni qutqarishga kirishdi
Dunyo bo‘ylab tabiatni muhofaza qilish masalasi tobora dolzarblashayotgan bir payt Fransiya ayni yo‘nalishda yana bir dadil qadam tashladi. Mamlakat hukumati 157 000 gektardan ziyod o‘rmon hududini yangi muhofaza maqomi ostiga oldi. Bu qaror nafaqat daraxt, balki yuzlab hayvon va o‘simlik turi uchun yashash muhitini saqlab qolishga qaratilgan. Shu tariqa Fransiya 2030-yilgacha kamida 10 foiz hududini qat’iy muhofaza qilinadigan tabiiy makonga aylantirishdek maqsadga yaqinlashdi.
Eng katta hudud Janubiy Amerikada joylashgan Fransiya Gvianasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 156 000 gektardan ortiq tropik o‘rmon maxsus qo‘riqlanadigan hududga aylantirildi. Mazkur mintaqa dunyo miqyosida muhim hisoblangan biologiya xilma-xilligi markazlaridan biri sanaladi. Mutaxassislar bu hududdagi ekotizim inson aralashuvisiz saqlanishi orqali ko‘plab noyob turlar kelajagi ta’minlanishini ta’kidlamoqda.
Mamlakat hududida ham qator qadimiy va tog‘li o‘rmonlar himoyaga olindi. Endi ayrim joylarda daraxt kesish va xo‘jalik ishini yuritish butunlay taqiqlanadi. Muayyan hududlarda nodir hayvonlar va o‘simliklarni asrash maqsadida maxsus boshqaruv tizimi joriy etiladi. Bu qaror maxsus muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar ulushini 6,43 foizga yetkazdi.
Mazkur tashabbus jahon bo‘ylab amaldagi umumiy tendensiyaning bir qismidir. BMT doirasida qabul qilingan maqsadga ko‘ra, 2030-yilgacha Yer yuzining 30 foiz quruqlik va dengiz hududi muhofaza ostiga olinishi lozim. Afsuski, barcha davlatlar bir xil yo‘ldan borayotgani yo‘q. Masalan, Braziliyada ekologiya cheklovini yumshatuvchi qonun qabul qilindi, AQSHda ham ayrim qo‘riqlanadigan hududlardan iqtisodiy manfaat yo‘lida foydalanish bo‘yicha bahs kuchaygan. Shu asnoda Fransiyaning qarori tabiatni saqlash iqtisodiy manfaatdan ustun qo‘yilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi muhim qo‘ng‘iroq sifatida yangradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA