Elektr arzonlashadimi? Yevropada energiya qoidasi o‘zgaradi
Yevropada energiya narxi yana siyosiy bahs markaziga chiqdi. Bunga faqat Yaqin Sharqdagi keskinlik yoki neft bozoridagi beqarorlik sabab emas. Muammoning bir jihati qit’a davlatlari ichida yashirin. Ko‘pgina mamlakatlarda aholi yoki biznes hamjamiyati elektr uchun gazga qaraganda ko‘proq soliq va yig‘im to‘lamoqda. Natijada ekologiya nuqtai nazaridan tozaroq hisoblangan quvvatdan foydalanish doim ham iqtisodiy manfaat keltirmayapti.
Bryussel shu ziddiyatni bartaraf etishga urinmoqda. Yevropa Komissiyasi tayyorlayotgan yangi qonun loyihasi elektr energiyasiga nisbatan soliq yuki kamaytirilishini nazarda tutadi. Maqsad faqat hisob-kitobni arzonlashtirish emas. Asosiy vazifa – aholi, transport va sanoatni asta-sekin gaz va neftdan elektr energiyasiga o‘tkazish. Rahbarlar kelajak iqtisodiyoti aynan shu yo‘nalishda shakllanishiga ishonmoqda.
Muammo shundaki, tok uchun to‘lanadigan mablag‘ning asosiy qismi qo‘shimcha xarajatga ketadi. Tarmoqni saqlash, takomillashtirish va yangi tizim barpo etish milliardlab yevro talab qiladi. Hozirning o‘zida ayrim yurtlarda xarajat elektr narxi bilan deyarli tenglashib qolgan. Qayta tiklanuvchi manbalar ko‘paygan sari ayni bosim yanada ortadi.
Shuning uchun YeI yana bir usul taklif qilyapti: kelajakda iste’molchi tokdan qaysi vaqt foydalanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, kunning quyosh va shamol stansiyalari ko‘p energiya ishlab chiqaradigan qismida tarif arzon bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Buning uchun maxsus raqamli hisoblagich keng joriy qilinadi. Ya’ni odamlar nafaqat qancha, balki qaysi payt ishlatgani ham hisobga olinadigan tizim yaratiladi.

Darvoqe, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Agar elektr arzonlashsa, davlat byudjetiga tushadigan ayrim soliqlar kamayishi mumkin. Shu bois barcha mamlakatlar taklifni birdek qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q. Ayrim hukumatlar iqtisodiy manfaat va byudjet ehtiyoji o‘rtasidagi muvozanatni izlayapti. Demak, bahs hali uzoq davom etadi.
Nima bo‘lganda ham, bir narsa aniq: Yevropada yangi davr boshlanmoqda. Hozircha asosiy savol “Quvvatni qayerdan olamiz?”. Endi esa energiyadan qanday foydalanish masalasi birinchi o‘ringa chiqishi mumkin. Bunday o‘zgarish esa millionlab yevropalikning kundalik xarajatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA