“Oydin gurunglar - 2026”: ma’rifat, kitobxonlik va hamkorlik sari
Jamiyatning ma’naviy taraqqiyoti, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda kitobxonlik madaniyati va ma’rifatning o‘rni beqiyos.
Ayniqsa, milliy adabiyotni rivojlantirish, ilmiy va ommabop nashrlarni keng targ‘ib qilish, zamonaviy bilimlarni aholiga yetkazish hamda mahallalarda mutolaa muhitini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Bu borada davlat tashkilotlari, moliya muassasalari, nashriyotlar va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi tashabbuslarni birlashtirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va ma’rifiy loyihalarni keng ommalashtirishga qaratilgan “Oydin gurunglar - 2026” xalqaro ijodiy forumi bugun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ilm-fan, adabiyot, san’at va ma’rifat sohalari vakillari, tijorat banklari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev va boshqalar mamlakatimizda inson salohiyatini yuksaltirish, adabiyot va madaniyatni qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidladilar. Shuningdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil may oyida Milliy kitobxonlik harakatiga start berilgani ma’rifiy tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lgani qayd etildi.
Forum doirasida kitoblar va ma’rifiy loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda kitobxonlikni rivojlantirish, ilm-ma’rifatni ommalashtirish va aholining bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar namoyish etildi.
Shuningdek, forum dasturidan Markaziy bank tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Moliyaviy bilimlar” loyihasining taqdimoti ham o‘rin oldi. Loyiha aholi, ayniqsa, yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, ularda mablag‘larni oqilona boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish va zamonaviy iqtisodiy bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan. Shu bilan birga, moliyaviy bilimlarni ommalashtirish va raqamli xavfsizlik masalalarini yoritishga qaratilgan “Daromad Kibero‘g‘riga qarshi” komiksi ham taqdim etildi.
32035
Qayd etilganidek, “Moliyaviy bilimlar” loyihasi doirasida hozirga qadar dastlabki 10 ta kitob nashr etildi. Kelgusida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlariga oid yana 30 ta kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan. Bu esa o‘zbek tilidagi zamonaviy iqtisodiy adabiyotlar ko‘lamini kengaytirish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish hamda milliy tildagi bilim manbalarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Forumda ilmiy va ommabop adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish, sifatli nashrlar sonini oshirish, mahalliy nashriyotlarni qo‘llab-quvvatlash va kitobxonlik uchun qulay muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda “Mahalla kutubxonasi” loyihasi va “Bitik.online” raqamli platformasi ham taqdim etildi.
“Mahalla kutubxonasi” loyihasi doirasida mahallalarda kutubxonalar tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois forumda ushbu yo‘nalishda faol ishtirok etgan banklar va tashkilotlar, shuningdek, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga hissa qo‘shgan ekspertlar hamda nashriyotlar e’tirof etildi.
Jumladan, Xalq banki 13 ta mahallada kutubxona tashkil etib, ilmiy-ommabop yo‘nalishdagi 60 ta kitobni nashr etdi. “O‘zsanoatqurilishbank” 17 ta, “O‘zmilliybank” 14 ta, “Turonbank” va “Trastbank” 8 tadan, “Orient Finans” banki 6 ta, “Invest Finance Bank” esa 4 ta mahallada kutubxona tashkil etishga hissa qo‘shdi. Ushbu natijalar moliya muassasalarining nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki jamiyatning ma’naviy va intellektual rivojlanishida ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Markaziy bank bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Navro‘zova ta’kidlaganidek, bugungi forum o‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada o‘tkazilgan “Bank va ma’rifat” forumining mantiqiy davomi bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ma’rifiy tashabbuslarning o‘ziga xos sarhisobidir.
– Bunday loyihalar jamiyatda ma’naviyat va ma’rifat muhitini yanada mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning dunyoqarashi va intellektual salohiyatini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kitob insonni fikrlashga, izlanishga va yangilik yaratishga undaydi. Ta’kidlash joizki, “Oydin gurunglar” forumida ilgari surilgan tashabbuslar kitobxonlikni targ‘ib qilish bilan bir qatorda, ilm-ma’rifatni jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi. Banklar, nashriyotlar, ekspertlar va hamkor tashkilotlarning bu boradagi hamkorligi esa ma’rifiy loyihalar qamrovini kengaytirish, mahallalarda kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish va aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, –dedi Sh.Navro‘zova.
Eslatib o‘tamiz, “Oydin gurunglar – 2026” xalqaro ijodiy forumi 22-25-oktabr kunlari Xiva shahrida davom etadi. Forumning keyingi bosqichida ham adabiyot, ma’rifat, kitobxonlik va ijod sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar namoyish etiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA