O‘tmishni bugun bilan bog‘lovchi ko‘prik
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “NKMK jamg‘armasi” DM va NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tashabbusi bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati madaniyat muassasalari folklor-etnografik ansambllari o‘rtasida “Qizilqum oltin merosi” folklor festivali bo‘lib o‘tdi.
Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlarini keng targ‘ib qilish, an’analar hamda avlodlar davomiyligini, vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan festivalda NKMK madaniyat muassasalarining 8 ta bolalar va kattalar folklor-etnografik ansambllari qatnashdi.

Ikki kun davom etgan tadbirda ishtirokchilar dastlab o‘z mintaqasining teatrlashtirilgan marosimlarini, ikkinchi kunda esa jonli ijroda erkin mavzuda milliy an’analarim, xalq og‘zaki ijodining eng go‘zal namunalarini ijro etishdi.

Hay’at tomonidan 16 yoshgacha va undan katta yosh toifasidagi ijodiy jamoalarning chiqishlari 10 ballik tizim asosida baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, bolalar folklor-etnografik ansambllari o‘rtasida Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat uyining “Dilnavo” ansambli 1-o‘ringa, Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazining “Shodlik” ansambli 2-o‘ringa, “Farhod” madaniyat saroyining “Sardoba qaldirg‘ochlari” ansambli 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Kattalar folklor-etnografik ansambllari o‘rtasida esa 1-o‘rinni Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat uyining “Dilnavo” ansambli, 2-o‘rinni “Farhod” madaniyat saroyining “Sardoba” ansambli va mazkur madaniyat saroyiga qarashli “Navro‘z” klubining “Do‘stlik” ansambli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri