Narkosavdogarlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Qo‘shni davlatdan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi
Xususan, 2025-yilning avgust oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlarihamda Ichki ishlar va Bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida harakatlanayotgan “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi.
Natijada, unda 1984 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg 976 gr “gashish” moddasi va elektron tarozi borligi aniqlandi.
Shuningdek, u jinoiy guruh yetakchisi ekani ma’lum bo‘lib, uning yashash manzilidan 2 kg 236 gr “gashish” moddasi topildi.
Tezkor tadbirlar davomida guruhning 1975, 1976, 1993-yillarda tug‘ilgan 3 nafar a’zosi ham ushlanib, ulardan jami 391 gr “gashish” va542 gr marixuana giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jinoiy guruhning qolgan 1981, 1984, 1989-yillarda tug‘ilgan 3 nafar a’zosi esa guruh yetakchisining topshirig‘i asosida Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlardan “tovar”ni olish, chegaradan o‘tkazish va manzilga yetkazib berish vazifalarni bajarishgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, jinoiy guruh faoliyati davomida jami 10 kg.ga yaqin “gashish” moddasini noqonuniy aylanmaga kiritgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi hukmiga ko‘ra, narkosavdogarlar Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topilib, 8 yildan 11 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.