Otam, onam va men – sportchimiz
Andijonda o‘tkazilayotgan «Salomatlik oyligi» doirasida «Otam, onam va men – sportchimiz” shiori ostida sport-sog‘lomlashtirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir haqiqiy sport bayramiga aylanib ketdi.
So‘lim Xonobod shahrida bo‘lib o‘tgan tadbir doirasidagi sport musobaqalarida viloyatdagi umumta’lim maktablari direktorlari, o‘qituvchilari va ularning oila a’zolaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.
[gallery-2092]
– Mazkur sport bayrami ta’lim xodimlarining nafaqat salomatligini mustahkamlashga, balki ular o‘rtasida, oilalarida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etishga xizmat qiladi, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov.
– Salomatligimizni mustahkamlashga, mehnat faoliyatimiz samaradorligini oshirishga yordam beradigan bu kabi tadbirlar muntazam o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yamiz.
Musiqiy gimnastika mashqlari bilan boshlangan kun maroqli va qiziqarli o‘tdi. Ta’lim tizimi vakillari «Salomatlik uchun 5000 qadam» loyihasi doirasida sportning voleybol, shaxmat, futbol hamda oilaviy estafeta yo‘nalishlarida o‘zaro bellashuvlarda ishtirok etdi.
Qiziqarli bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, musobaqalarning g‘olib va faol ishtirokchilari tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov(surat), O‘zA