Orzular sari ilk qadam
Buxoro viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida hayotning eng unutilmas va hayajonli pallalaridan biri — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruh, yuksak bayramona kayfiyatda tashkil etildi. Quvonch, hayajon, ezgu orzu va umidlarga boy bo‘lgan ushbu tadbirlarda minglab o‘quvchilar, bitiruvchilar, ota-onalar, ustozlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan maktab bitiruvchilariga yo‘llangan samimiy video-tabrik barcha tadbirlarga alohida ruh va mazmun bag‘ishladi. Davlat rahbarining yoshlarga bo‘lgan ishonchi, mehri va yuksak umidi har bir bitiruvchi qalbida g‘urur, mas’uliyat va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, bugungi yoshlar — Yangi O‘zbekistonning ertangi bunyodkorlari, mamlakat taraqqiyoti va Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan bilimli, tashabbuskor va vatanparvar avloddir. Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi hamda innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Joriy yilda viloyatdagi 549 ta umumta’lim maktabida 23 ming 740 nafar 11-sinf bitiruvchisi qadrdon maktabi, mehribon ustozlari va sinfdoshlari bilan xayrlashib, mustaqil hayot sari ilk qadamni tashladi. Ular uchun yangragan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” nafaqat maktab bilan xayrlashuv, balki orzular sari ochilgan yangi hayot eshigi sifatida qalblarga muhrlandi.
Quvonarlisi, bitiruvchilarning 426 nafari ta’limni oltin medal, 127 nafari esa kumush medal bilan yakunladi. Bu esa yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi, ustozlar mehnati va ota-onalarning beqiyos qo‘llab-quvvatlovi samarasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
2025–2026 o‘quv yilida bitiruvchilarning 17 ming 321 nafari, ya’ni qariyb 78 foizi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagini bildirgani yoshlarning bilim va kelajakka bo‘lgan intilishi tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda bitiruvchilar tomonidan 7 380 ta majburiy fanlar, 7 800 ta asosiy fanlar hamda 10 ming 91 ta xorijiy tillar bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlar qo‘lga kiritilgani ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
[gallery-29622]
Eng muhimi, 2 ming nafardan ortiq bitiruvchi tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, sertifikatlar asosida maktabni tugatmasdan turib talabalik baxtiga musharraf bo‘ldi. Shuningdek, 20 nafar yoshning dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga qabul qilingani viloyat ta’lim sohasi uchun alohida faxr va iftixor manbai bo‘ldi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — bu shunchaki bayram emas. U yoshlarning orzulari qanot yozadigan, yangi maqsadlar belgilaydigan, mustaqil hayotga yo‘l ochadigan muhim va unutilmas palladir. Bugun maktab ostonasidan katta hayotga qadam qo‘yayotgan har bir yigit-qiz ertangi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadr, bilimli mutaxassis va fidoyi inson bo‘lib kamol topishiga ishonch katta.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari