Ehtiyojmand oilalarga mehr va saxovat ulashildi
Yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish va xayriya tadbirlarini keng yo‘lga qo‘yish ezgu qadriyat sifatida yuksak ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, muborak Qurbon hayiti bayrami arafasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik va hamjihatlik fazilatlarining yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro tumanida keng ko‘lamli xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan tumanda istiqomat qiluvchi 600 nafar kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Mazkur xayrli tadbir orqali yuzlab xonadonlarga bayramona kayfiyat, mehr va e’tibor ulashildi.

Taqdim etilgan yordam paketlari tarkibidan kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan un, yog‘, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin oldi. Bu esa ehtiyojmand oilalarning Qurbon hayitini munosib, xotirjam va shukronalik ruhida o‘tkazishiga amaliy ko‘mak bo‘ldi.

Tadbir davomida tashkilotchilar bunday xayriya ishlari jamiyatda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatida doimiy e’tibor markazida ekani qayd etildi.

Bu kabi saxovat tadbirlari nafaqat ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash, balki jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirish, inson qadrini ulug‘lash va ezgulik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri