Oltinsoy yangi bosqichda rivojlanayotgan tumanga aylanmoqda
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida hududning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash bo‘yicha joriy yil birinchi chorak yakunlari va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Otabek Mavlyanov yilning dastlabki choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizni yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yurtimizning boshqa hududlari singari Oltinsoy tumanini ham har taraflama yuksaltirishga xizmat qilmoqda, – dedi tuman rahbari. – Jumladan, joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida ijobiy o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 84,4 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105 foiz o‘sdi. Xususan, tumandagi ikkita toshko‘mir qazib olish korxonasi 11,5 milliard so‘m, uchta vino ishlab chiqaruvchi korxona 8,5 milliard so‘m, Oqarbuloq mahallasidagi un va kepak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasidagi korxona 2,5 milliard so‘mlik, boshqa sanoat yo‘nalishlarida 61,9 milliard so‘mlik turli raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqardi.

Innovatsion tumanning investitsiya dasturi doirasida hududga 17,7 million dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya jalb etildi. 10 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 29 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tumanning eksport hajmi 3,8 million dollarni tashkil etib, o‘sish sur’ati 148 foizga yetdi. Yoki dunyoning turli davlatlariga 88 ming dollarlik sanoat, 3,7 million dollar qiymatidagi meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.
Yilning dastlabki choragida byudjetga 12,2 milliard so‘m tushum ta’minlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 139,3 foizga oshdi. 861 nafar vaqtincha ishsiz kishining bandligi ta’minlandi. 4 ming 519 nafar aholi tadbirkorlikka jalb etildi.

Tadbirda tumanda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar, kambag‘allikni qisqartirish va kelgusi rejalar to‘g‘risida ham atroflicha fikr almashildi. Xususan, yil yakunigacha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 486,4 milliard so‘mga yetkaziladi. Ishga tushirilgan sanoat loyihalari quvvati oshiriladi. Yangidan 8 ta sanoat loyihasi ishga tushadi. Past quvvatda ishlayotgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar qayta tiklanadi. Byudjetga 51,1 milliard so‘m soliq tushumlari ta’minlanadi. Reyestrdagi 1 ming 491 nafar aholi daromadi oshirilib, 759 ta kambag‘al oila manzilli qo‘llab-quvvatlanadi va tumanning kambag‘allik darajasi 4,1 foizdan 2,5 foizgacha tushiriladi. 923 nafar aholi bandligi ta’minlanib, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb uchun kredit va subsidiyalar ajratiladi.
Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA