O‘quvchilarni sportga jalb etish yosh avlod salomatligini ta’minlaydi
Yurtimizda sport sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholi vakillarini, yoshlar va bolalarni sportga jalb etish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ham sportni rivojlantirish va aholini sport turlari va musobaqalariga keng jalb etish bo‘yicha qator vazifalar o‘z aksini topgan. Jumladan, aholining yosh toifalari bo‘yicha barcha hududda har yili jismoniy tayyorgarlik sinovlarini o‘tkazish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Sport vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Mudofaa vazirligining umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining jismoniy tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazishga oid qo‘shma qarori qabul qilinib, joriy yilning 21-fevral-30-aprel kunlari umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan ixtiyoriy va maxsus talablar bo‘yicha sport sinovlari qabul qilish belgilab berildi.

Sport vazirligi tomonidan 2026-yilning birinchi choragida respublikadagi 10 ming 204 ta umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriy talablar bo‘yicha sport sinovlarini topshirish uchun “my.sport.uz” platformalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ro‘yxatdan o‘tgan jami 3 million 943 ming nafar yoki 60 foiz o‘quvchilarning 1 ming 241 ming nafari yoki 31 foizi mezon talablarini bajargan.
Ta’kidlash lozimki, maktab o‘quvchilarining jismoniy tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yil davomida izchil davom ettirilib, farzandlarimizning sog‘lom o‘sishi, sport bilan hamnafas bo‘lishiga xizmat qiladi. Qolaversa, yosh avlodning sport turlariga qiziqishini oshirib, kelgusida yurtimiz dovrug‘ini ko‘taradigan mahoratli sportchilar yetishib chiqishida asos vazifasini bajaradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA