"Prezident olimpiadasi": Andijon va Xorazm jamoalari g‘oliblikka erishdi
“Prezident olimpiadasi”ning chim ustida xokkey musobaqasida g‘olib va sovrindor jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin maydonlarida o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida uch kun davom etgan shiddatli musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati jamoasi o‘g‘il bolalar musobaqasida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Namangan viloyati jamoasi ikkinchi, Navoiy viloyati chim ustida xokkeychilari uchinchi o‘ringa ega chiqdi.
“Prezident olimpiadasi”ning qizlar bahsida Xorazm viloyati chim ustida xokkeychilari g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etib, shohsupasining eng yuqorisidan joy egalladi. Keyingi sovrinli o‘rinlar o‘z navbatida Toshkent viloyati hamda Farg‘ona viloyati terma jamoalariga tegishli bo‘ldi.
G‘oliblikka erishgan jamoalar “Prezident olimpiadasi” nizomiga muvofiq, medallar hamda 10 million so‘m pul mukofoti sertifikatlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 2-o‘rin egalariga 5 million, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar 3 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA