Futzal: O‘zbekiston milliy terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi
Ma’lumki, ispaniyalik murabbiy Xose Mariya Mendes salomatligi sababli lavozimidan ketganidan so‘ng, federatsiya tomonidan milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga bir qator mahalliy va xorijlik nomzodlar ko‘rib chiqildi. O‘rganish va takliflar asosida milliy futzalimizni yaxshi biladigan, uning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Bahodir Ahmedov O‘zbekiston futzal federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq, terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tavallud topgan Bahodir Ahmedov futzaldagi faoliyatini “Splav”, “Elektrokimyosanoat” va “Soliqchi” jamoalarida boshlagan. Keyinchalik “Yunusobod”, “Ardus” hamda “Stroitel Zarafshon” klublarida to‘p surgan va mamlakat chempionligiga erishgan.
Murabbiy sifatida “Maksam-Chirchiq” jamoasini chempionat sovrindorlari qatoriga olib chiqqan, “Jizzax-Kenteks” bilan esa O‘zbekiston chempionligiga sazovor bo‘lgan.
Milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida avval ham faoliyat yuritgan Bahodir Ahmedov yetakchiligidagi futzalchilarimiz ikki marta Osiyo kubogida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2021-yilgi Jahon chempionatida pley-offgacha yetib borgan.
Kelishuvga ko‘ra, B.Ahmedov 2028-yilgi Osiyo chempionatining yakuniga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA