Ombudsman talabnomalarini vaqtida ko‘rib chiqmagan mansabdorlar javobgarlikka tortiladi
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunda Ombudsmanga qo‘shimcha vakolatlar va ta’sir choralari berilgan edi. Xususan, Ombudsman inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma kiritish huquqiga ega.
Endilikda Ombudsman institutining ushbu yangi vakolat va ta’sir mexanizmlarini amalda samarali qo‘llash uchun huquqiy asoslar yaratilmoqda.
Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kiritgan talabnomalarni mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqmasdan qoldirganlik yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan qonun loyihasi quyi palata majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat Inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining ta’sirchanligini hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA