BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan ayollar salomatligi bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi
Yurtimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari – BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta boshchiligidagi delegatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldi.
Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur muassasada Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov martabali mehmon bilan uchrashdi.
Qayd etilganidek, UNFPA O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini yaqindan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan “Mamlakat dasturi” doirasida onalik va reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga 12 mln. AQSH dollari yo‘naltirilgan.
Natijada mavjud 231 ta perinatal muassasa 3 500 ta zamonaviy asbob-uskuna bilan jihozlandi. Shuningdek, hamkorlikda 17 ming nafar tibbiyot xodimi o‘qitildi, 30 dan ortiq klinik protokol va qo‘llanmalar yangilandi.
Reproduktiv yoshdagi ayollarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tug‘ilajak bolalar salomatligini nazorat qilish maqsadida yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etilgani ham muhim ahamiyatga ega.
Pirovardida mamlakatimizda onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi keskin pasayishiga erishildi. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ham salmoqli o‘rni bor.
Bugungi kunda ushbu markaz va uning bir nechta hududiy filiali xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, bu ayollar va go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatiga berilgan yuqori bahodir.
Muloqot davomida ushbu tashrif Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda UNFPA o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishi aytib o‘tildi. Shundan kelib chiqib, antenatal parvarishni takomillashtirish, akusherlik amaliyotiga ilg‘or davolash protokollari va standartlarini joriy etishga kelishib olindi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida saratonni erta aniqlash dasturlarini kengaytirish, zamonaviy diagnostika yondashuvlarini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘smirlar va yoshlar salomatligini mustahkamlash bo‘yicha ma’rifiy, profilaktik va ta’lim dasturlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbarining yaqinda imzolangan sohaga oid tegishli farmonida klinik audit bo‘yicha mustaqil inspeksiya tashkil etish belgilangani alohida urg‘ulandi.
Shu munosabat bilan akusherlik amaliyotidagi kritik holatlar auditi hamda onalar o‘limi holatlarini maxfiy tekshirishga oid qo‘llanma va yo‘nalishlarni ushbu audit jarayoniga integratsiyalashda UNFPA bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligi bildirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA