Ombudsman nazoratiga olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi 4-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanilayotgani hamda undan majburiy ko‘rsatma olinayotgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik e’tiborini tortgan mazkur holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan zudlik bilan nazorat o‘rnatildi.
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib turgan bir paytda bunday xabarlarning har tomonlama xolis va qonuniy asosda o‘rganilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova qonunchilikda belgilangan vakolatlari doirasida tergov hibsxonasiga borib, vaziyatni joyida o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida murojaatda tilga olingan shaxs bilan xoli tarzda suhbat o‘tkazildi. Uning saqlanish sharoitlari, murojaatda keltirilgan holatlar, shuningdek, tanasida jarohat alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi atroflicha tahlil qilindi.
–O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatilgan shaxs bilan bevosita muloqot qilindi. Barcha vajlar va holatlar qonunchilik talablari asosida o‘rganildi, –dedi Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan 4-son tergov hibsxonasining ayrim xodimlariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Shu bilan birga, murojaatda ko‘rsatilgan shaxsga nisbatan sud-tibbiy ekspertiza tayinlanib, barcha holatlarga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
To‘plangan hujjatlar va o‘rganish materiallari Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq protsessual tartibda ko‘rib chiqish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga taqdim etildi.
Ombudsman ushbu holat bo‘yicha o‘rganish va tekshiruv natijalarini o‘z vakolatlari doirasida muntazam nazorat qilib borishini ma’lum qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri