“Iteca Exhibitions”ning bahor mavsumi xalqaro ko‘rgazmalari qanday natijalar bilan yakunlandi?
Bugungi kunda ko‘rgazmalar oddiy namoyish maydoni emas, balki iqtisodiyotni harakatga keltiradigan, biznesni bir-biriga bog‘laydigan va yangi imkoniyatlarni ochadigan muhim platformaga aylangan. Shu sababli, “Global Exhibitions Day” har yili soha vakillari uchun muhim kasbiy sana sifatida keng nishonlanadi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova Jahon ko‘rgazmalar kuni doirasida 2026-yil bahor mavsumi natijalariga to‘xtalar ekan, ko‘rgazmalarning roli yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidlaydi:
– Ko‘rgazmalar bugun faqat ekspozitsiya emas. Bu real biznes, muzokara, hamkorlik va investitsiya maydoni. Shu yerda g‘oyalar aniq loyihaga, muloqotlar esa shartnomaga aylanadi. 2026-yilgi “Global Exhibitions Day”ning “Ko‘rgazmalar imkoniyatlar yaratadi” shiori ham aynan shu mohiyatni to‘liq ochib beradi.
“Iteca Exhibitions” O‘zbekistonda 1995-yildan buyon xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etib keladi va shu davr ichida mamlakatda zamonaviy ko‘rgazma sanoatining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan. Bugun esa kompaniya tomonidan tashkil etilayotgan tadbirlar xalqaro biznes maydonida tan olingan platformalarga aylangan.
2007-yildan buyon tashkilotimiz Jahon ko‘rgazma sanoati assotsiatsiyasining (UFI) O‘zbekistondagi birinchi to‘liq a’zosi sifatida xalqaro standartlarni joriy etish va soha integratsiyasini kuchaytirish ustida ish olib bormoqda. “UzBuild”, “TIHE”, “CAITME” va “OGU”kabi yirik ko‘rgazmalar esa “UFI Approved Event”maqomiga ega bo‘lib, mintaqadagi eng muhim sanoat maydonlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
2026-yil bahor mavsumi natijalariga kelsak, bu davrda biz 12 ta xalqaro ko‘rgazma, 4 ta yirik anjuman hamda bir qator seminar va master-klasslarni tashkil etdik. Ularda 53 mamlakatdan 2 981 ta kompaniya va brend, 300 dan ortiq spiker va minglab delegat ishtirok etdi. Umumiy tashriflar esa 77 mingdan oshdi.
Bu raqamlar ko‘rgazmalarning haqiqiy natija berayotganini ko‘rsatadi: ishtirokchilar yangi bozor topmoqda, hamkorlik o‘rnatmoqda, eng muhimi, real imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda. Demak, bunday tadbirlar bugun iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashda muhim drayver deyish mumkin.
Aytish joizki, har bir ko‘rgazma ortida yangi g‘oya, yangi sheriklik va yangi imkoniyatlar turadi. Aynan shu jihat ko‘rgazmalarni iqtisodiy o‘sishning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA