Yevroosiyo fuqarolik holati aktlarini ro‘yxatga oluvchilar tarmog‘i yig‘ilishi o‘tkazildi
BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hamkorligida Ulan-Bator shahrida Yevroosiyo fuqarolik holati aktlarini ro‘yxatga oluvchilar tarmog‘i yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yevroosiyo mamlakatlarining eng yaxshi amaliyotlarini o‘rganishga qaratilgan yig‘ilishda Adliya vazirligi vakillari ham ishtirok etdi va “O‘zbekiston Respublikasi FHDYO organlarining rivojlanish istiqbollari va yo‘nalishlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.

Ulan-Bator shahrining 1-markaziy shifoxonasi va “Urgu” tug‘ruq uyida tug‘ilish va o‘limni qayd qilish jarayonlari hamda Mongoliya davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bosh boshqarmasi, Fuqarolik hujjatlari arxivi faoliyati bilan tanishildi.
Yevroosiyo fuqarolik holati aktlarini ro‘yxatga oluvchilar tarmog‘ining a’zo davlatlari bilan fuqarolik holati aktlarini ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari hamda tarmoqning kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Olingan bilim va amaliy tajribalar O‘zbekistonda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA