Ombudsman: murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 12 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
2026-yil birinchi yarim yilligida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga kelib tushgan murojaatlar qanday hal qilindi?
Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova shu haqda ma’lumot berdi:
– Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslardan 10 ming 468 murojaat kelib tushdi. Ularning 12 tasi belgilangan tartibda anonim deb topildi.
Murojaatlar iqtisodiy, ijtimoiy va shaxsiy huquqlarga oid bo‘lib, 12 foizi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar bilan bog‘liq masalalar, 7,7 foizi xotin-qizlar va bolalar huquqlari, ayrimlari ekologiya va boshqa masalalarga to‘g‘ri keldi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish va monitoringlar yakunlari bo‘yicha davlat organlari hamda tashkilotlari va sudlarga Ombudsmanning 70 ta’sir chorasi kiritildi. Jumladan, 27 da’vo arizasi, 18 xulosa, 17 taqdimnoma, 7 talabnoma va 1 ogohlantirish yuborildi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 12 holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 26 milliard 849 million so‘mni tashkil etdi. Shundan, 25 milliard 937 million so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.
Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida 304 million 606 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirildi.
Ombudsman so‘roviga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 435,9 million so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.
Fuqarolarning 171,2 million so‘mdan ortiq noreal qarzdorliklari bartaraf etilishi ta’minlandi. Shuningdek, 4 nafar fuqaroning yer uchastkalariga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi.
Murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 14 nafar mas’ul xodim hayfsan, jarima, lavozimidan ozod etish kabi intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar murojaatlari o‘rganilib, 8 nafar fuqaroga himoya orderi berildi va 5 nafar zo‘ravonga IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Monitoringlar davomida 4 mingga yaqin shaxs bilan jamoaviy, 1 ming 751 nafar shaxs bilan esa xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Monitoring tashriflarida yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni saqlash, yashash va ovqatlanish sharoitlari, tibbiy xizmat sifati, mehnat qilish imkoniyatlari, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, ta’lim-tarbiya hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 23 ta’sir chorasi – 10 taqdimnoma, 7 talabnoma va 6 xulosa kiritildi.
Ularni ko‘rib chiqish natijasida 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasining intizomiy bo‘linmasi va qisqa muddatli uchrashuv xonasini ta’mirlash uchun 260 million so‘m, Toshkent viloyatining Bekobod, Chirchiq va Nurafshon shaharlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 212 million 664 ming so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Andijon viloyatida ma’muriy qamoqqa olingan 360 nafar shaxsni qabul qilish va saqlashga mo‘ljallangan qo‘shimcha maxsus qabulxona qurish belgilandi.
Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlaridan 1 ming 227 murojaat kelib tushdi. Ularning 212 tasi, ya’ni 17,3 foizi bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar tomonidan yo‘llangan.
Murojaatlarning asosiy qismi surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari, sud hukmlari, jazoni yengillashtirish yoki muddatidan oldin ozod etish, tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarga tegishli.
42 qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Shundan 16 loyiha bo‘yicha 34 taklif ishlab chiqilib, mas’ul tashkilotlarga kiritildi.
Fuqarolar murojaatlari tahlili asosida Parlamentga 5 hamda davlat idoralari va mahalliy hokimliklarga 5 tahliliy ma’lumot hamda huquqiy-tahliliy xulosalar kiritildi. Shu bilan birga, 2 qonun loyihasi ishlab chiqilib, bittasi qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA