Jamiyatda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit hamda tinchlik va totuvlikni ta’minlash - taraqqiyotning muhim omili
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayonlarda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bir qatorda, jamiyatda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish, tinchlik va osoyishtalikni asrash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bu borada, eng avvalo, jamiyatda ijtimoiy adolat va hamjihatlikni mustahkamlash, aholining turli qatlamlari manfaatlarini ta’minlash, inson qadri va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlar shakllantirildi. Xususan, aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning murojaatlarini bevosita o‘rganish, mavjud muammolarni mahalla va xonadon darajasida aniqlab, ularga manzilli yechim topish amaliyoti kengaydi. Natijada ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash masalasi faqat alohida idoralar zimmasidagi vazifa sifatida emas, balki davlat organlari, mahalla, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligiga asoslangan yaxlit tizim sifatida qaror topmoqda. Bunday yondashuv oilalardagi ijtimoiy muammolarni erta aniqlash, yoshlarning ta’lim va bandligi bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, turli salbiy holatlarning oldini olish hamda aholining davlat va jamiyat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy va diniy bag‘rikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir». Ushbu fikr mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-ma’naviy siyosatning mazmun-mohiyatini yaqqol ifodalaydi. Zero, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash faqat xavfsizlik choralari bilan cheklanmaydi. U, avvalo, jamiyatda o‘zaro ishonch va hurmat muhitini qaror toptirish, turli millat, elat va diniy e’tiqod vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni umumiy maqsad va Vatan taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish bilan uzviy bog‘liqdir. Shu sababli mamlakatimizda bag‘rikenglik va hamjihatlik bugungi kunda jamiyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining muhim tamoyili sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jamiyatda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash faqat ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan cheklanmaydi. Bu, eng avvalo, aholining kundalik hayoti uchun munosib sharoit yaratish, odamlarni ish bilan ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mahallalarni obod qilish hamda zamonaviy va xavfsiz infratuzilmani shakllantirish bilan chambarchas bog‘liq. Aholi farovonligi, oilalardagi xotirjamlik va odamlarning ertangi kunga ishonchi jamiyatdagi umumiy muhitga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning amaliy natijalarini Mirobod tumani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda Mirobod tumanida aholi farovonligini oshirish, munosib turmush sharoitlarini yaratish, zamonaviy shahar muhitini shakllantirish va ijtimoiy infratuzilmani izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan yangi yondashuvlar tumanning nafaqat tashqi qiyofasida, balki odamlarning kundalik hayoti, mehnat qilishi, ta’lim olishi va dam olishi uchun yaratilayotgan sharoitlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Aholi va poytaxtimiz mehmonlari uchun qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilayotgan 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi ko‘cha va hududlar, zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, mehmonxonalar, obodonlashtirilayotgan jamoat joylari tumanning bugungi qiyofasini yangilamoqda. Kechayu kunduz gavjum bo‘lgan bunday hududlar tadbirkorlik va xizmatlar sohasi rivojiga turtki berish bilan birga, odamlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, xavfsiz va qulay jamoat makonlaridan foydalanishi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Yangi maktab binolarining barpo etilishi, mavjud ta’lim muassasalarining zamonaviy talablar asosida ta’mirlanishi va jihozlanishi esa yosh avlodning sifatli ta’lim olishi uchun munosib sharoitlarni kengaytirmoqda.
Tumanda amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlarni 2026-yilning birinchi yarmi, xususan, ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6 trln 287,3 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,3 foizga yetdi. Toshkent shahri sanoatida tumanning ulushi 5,7 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga esa 40,1 mln so‘mlik sanoat mahsuloti to‘g‘ri keldi. Bu raqamlar Mirobodda ishlab chiqarish faolligi va iqtisodiy salohiyat izchil oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Qurilish sohasida ham yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Hisobot davrida pudrat qurilish ishlari hajmi 6 trln 810,1 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizni tashkil qildi. Bu Toshkent shahrida amalga oshirilgan qurilish ishlarining 11,1 foiziga tengdir. Aholi jon boshiga hisoblaganda qurilish ishlari hajmi 43,4 mln so‘mni tashkil etdi. E’tiborlisi, mazkur raqamlar ortida tumanning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilayotgan aniq o‘zgarishlar turibdi. Xususan, 450 ta ko‘p kvartirali uy-joy qurildi, 2,8 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, 0,8 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi, 3,6 kilometr yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari tortildi. Bularning barchasi, birinchi navbatda, aholi uchun yanada qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Mirobod tumani iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish sohasining o‘rni ayniqsa sezilarli. 2026-yilning tegishli davrida xizmatlar hajmi 23 trln 494,2 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 125,5 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida ko‘rsatilgan xizmatlarning 8,5 foizi Mirobod tumani hissasiga to‘g‘ri kelib, aholi jon boshiga xizmatlar hajmi 150 mln so‘mga yetdi. Bu natija tumanning poytaxtdagi yirik xizmat ko‘rsatish, savdo va ishbilarmonlik hududlaridan biri sifatidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Iqtisodiy faollikning muhim ko‘rsatkichlaridan yana biri - tadbirkorlik muhiti. Bugun tumanda 9 260 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 1 075 tasi yirik, 8 185 tasi kichik biznes sub’ektlaridir. Faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha 606 tasi sanoat, 629 tasi qurilish, 2 510 tasi savdo va 5 515 tasi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keladi. Faqat 2026-yilning ikkinchi choragida 679 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etilgani ham tumanda ishbilarmonlik faolligi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shu davrda o‘z biznesini boshlash yoki mavjud faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan fuqarolar va tadbirkorlarga davlat dasturlari doirasida 21,2 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Albatta, iqtisodiy o‘sishning aholi hayotidagi eng muhim natijalaridan biri - yangi ish o‘rinlari yaratilishi hisoblaniladi. Ikkinchi chorakda Mirobod tumanida belgilangan 4 317 ta rejaga nisbatan
8 696 ta yangi ish o‘rni yaratildi va belgilangan ko‘rsatkich 201,4 foizga bajarildi. Bandlikning ta’minlanishi faqat aholi daromadini oshirish vositasi emas. Doimiy ish va barqaror daromad oiladagi ijtimoiy muhit, insonning ertangi kunga ishonchi, yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi bilan bevosita bog‘liq. Shu jihatdan yangi ish o‘rinlarini yaratish jamiyatda sog‘lom va barqaror ijtimoiy muhitni ta’minlashning ham muhim omili hisoblanadi.
Tuman mahalliy byudjetida ijobiy natijalar kuzatildi. 2026-yil uchun belgilangan 132,5 mlrd so‘mlik prognoz doirasida ikkinchi chorak uchun 43,1 mlrd so‘m tushum rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 43,5 mlrd so‘m tushum ta’minlandi va reja 101 foizga bajarildi. Byudjet tushumlarining barqarorligi hududda ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, aholi uchun zarur xizmatlar sifatini oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Taraqqiyotning muhim mezoni, albatta, faqat iqtisodiy raqamlar emas. Uning natijasi odamlarning hayot sifatida, farzandlar ta’limida, aholi salomatligida, yoshlarning bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganida ham ko‘rinishi kerak. Shu nuqtai nazardan, Mirobod tumanida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega. 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 83,2 foizga yetkazildi. Maktablarda chet tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega o‘qituvchilar ulushi 86 foizni tashkil etdi. Bu, eng avvalo, farzandlarimizning zamonaviy bilim olishi va kelajakda raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, madaniyat va jamoat ishlariga keng jalb qilish ham sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim yo‘nalishiga aylangan. Hisobot davrida 3 756 nafar yosh “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlarga jalb qilindi, 50 ta konsert-tomosha va madaniy tadbir tashkil etildi. Shuningdek, tumanning 212 ta hududida jismoniy tarbiya va sport tadbirlari o‘tkazilib, aholining 15 foizi ommaviy sportga jalb qilindi. Bunday ishlar, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularning qobiliyat va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, turli salbiy ta’sirlardan himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham e’tibor markazida bo‘lib qolmoqda. Jumladan, hisobot davrida ehtiyojmand xotin-qizlarga davlat ko‘magi asosida maxsus jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, 565 nafar homilador ayol prenatal skriningdan o‘tkazildi. Bu kabi chora-tadbirlar ijtimoiy himoyani umumiy yondashuvdan har bir insonning aniq ehtiyojiga yo‘naltirish tamoyili amalda qaror topayotganini ko‘rsatadi.
Shu ma’noda, Mirobod tumanida amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni bir-biridan ajratib baholab bo‘lmaydi. Yangi korxona va tadbirkorlik sub’ektlarining tashkil etilishi - yangi ish o‘rinlarini, yangi ish o‘rinlari oila uchun barqaror daromadni, zamonaviy infratuzilma - munosib turmush sharoitini, sifatli ta’lim va mazmunli bo‘sh vaqt esa yoshlarning kelajakka ishonchini ta’minlaydi. Shu omillarning uyg‘unligi jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit, tinchlik va totuvlikni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bugun Miroboddagi yangilanishlarning mazmuni ham shunda, xususan gap faqat yangi bino, yo‘l yoki xizmat ko‘rsatish ob’ektini barpo etish haqida emas, balki ular orqali inson uchun qulay, xavfsiz va farovon hayot muhitini yaratish haqida bormoqda. Tumanning zamonaviy qiyofasi, rivojlanayotgan tadbirkorlik, yangi ish o‘rinlari, ta’lim va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, obod mahallalar va gavjum jamoat makonlari pirovardida bitta maqsadga - odamlarning bugungi hayotidan roziligi va ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, inson o‘z mahallasida, o‘z tumanida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni kundalik hayotida his qilgandagina islohotlarning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi.
F.Muxitdinova,
Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati