Olmaliqda futbol rivojlanadi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan futbolni rivojlantirishga e’tibor ortgani tufayli "OKMK" klubi qoshidagi futbol maktabi iqtidorli yoshlarning akademiyasiga aylanib bormoqda.
Sun’iy qoplamali va tabiiy maydonchalarning yosh futbolchilar shug‘ullanishi uchun tantanali ravishda topshirilishi buning yaqqol dalilidir.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda "OKMK" PFK prezidenti Abdullo Xursanov, mazkur klubning bosh direktori Bahodir Mirzayev, o‘zbek futboli afsonasi va bosh murabbiy Mirjalol Qosimov hamda futbol akademiyasiga Ukrainadan olib kelingan mutaxassis, ya’ni bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish dasturi rahbari Denis Xomutov, nuroniylar va futbol faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.

Ushbu sun’iy maydon o‘lchamlari 52x32 metrni tashkil etadi. Bu kichik arenada 6-10 yoshli bolalar mashg‘ulotlar olib boradi. "OKMK" PFK bolalar-o‘smirlar futbol maktabida shu kungacha 500 nafardan ziyod yosh bola shug‘ullanib kelayotgandi. Joriy yilning sentyabr oyiga kelib bu ko‘rsatgich ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Boisi shu kunlarda 105x68 o‘lchamli bitta sun’iy va yana bitta tabiiy chimli maydon foydalanishga topshiriladi. Bu esa qo‘shimcha tarbiyalanuvchilar qabul qilish imkoniyatini oshiradi.

Xususan, Olmaliqdagi “Bahor” mehmonxonasi akademiya tarbiyalanuvchilari uchun ajratildi. Yaqin ikki oy ichida bu joy qayta rekonstruksiya qilinib, jihozlangan holda 120 nafar akademiya tarbiyalanuvchi uchun sharoit yaratiladi.

Mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda may oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Quvonarlisi, aynan ushbu bayram arafasi oldidan nafaqat kombinat mehnatkashlari, balki butun Olmaliq ahli uchun bu bolalar maydonchalari ajoyib tuhfa bo‘ldi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Olmaliq shahrining qo‘shni hududlarida ham futbol akademiyasining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. 1 iyun -- Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “OKMK” professional futbol klubi akademiyasi o‘zining birinchi musobaqasini o‘tkazadi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri