Oliygohlardagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlari to‘liq yangilanadi
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, xususan, energetikada zamonaviy kadrlar zarurligini ta’kidladi.
Hozir 25 ta texnika oliygohida bu yo‘nalishda yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda.
–Ochig‘i, ta’lim amaliyot bilan bog‘lanmagani uchun bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil ketyapti,– dedi Prezidentimiz.
Mas’ullarga bir oyda oliygohlardagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirildi. 1-sentabrgacha laboratoriya va poligonlarni yangi talablarga moslashtirish boshlanadi.
Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Chunki kelgusi 2-3 yilda quyosh va shamol generatorlari, elektr zaryadlash uskunalari kabi yo‘nalishlarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi Shirin energetika texnikumini jihozlab, yiliga 220 nafar yoshni yangi kasblarga tayyorlamoqda. Yangi o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Navoiydagi bittadan texnikumda ham ushbu tajriba joriy etiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
O‘zA