Oliy ta’lim muassasalarida sport yo‘nalishidagi ishlar yetarli darajada emasligi aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida sport yo‘nalishidagi ishlar yetarli darajada emasligi, federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabaga individual murabbiy biriktirish sustligi qayd etildi.
Ayrim oliygohlarda sport sohasi bo‘yicha yaxshi tajribalar bor. Masalan, Termiz davlat universiteti 4 ta klub tashkil qilib, 5 ming talabani 18 ta sport turiga qamrab oldi. Talabalar o‘tgan yili xalqaro musobaqalarda 18 ta medal oldi. Oliygohning voleybol va gandbol jamoalari oliy ligada, futzal va futbol jamoalari esa 1-ligada qatnashyapti.
Lekin Jizzax politexnika, Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti, Buxoro davlat universitetlarida 70 foiz talaba jismoniy normativ topshira olmagan. Bu ulardagi klublar “nomiga” ishlayotganini anglatadi.
Shu munosabat 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining tajribasini o‘rgatish va sport bo‘yicha bir yillik reja ishlab chiqish topshirildi.
O‘zA