Olis hududlardagi yoshlar uchun tadbirkorlikka keng yo‘l ochilmoqda
Biznes-ombudsman tomonidan mamlakatimizdagi sanoat zonalari faoliyati tahlil qilinib, olis va cho‘l hududlarida yashovchi yoshlar uchun muhim imkoniyatlarni cheklab kelayotgan muammo bartaraf etildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 756 ta sanoat zonasi faoliyat yuritib, ularda umumiy qiymati 65,4 trillion so‘mlik 4 915 ta loyiha amalga oshirilgan.
O‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, hukumatning 559-sonli qaroriga muvofiq, olis va cho‘l hududlaridagi yoshlar sanoat zonalaridagi yer maydonlarini "1 so‘m" boshlang‘ich narxda elektron auksion orqali sotib olish huquqiga ega. Ammo "Yerelektron" va "E-auksion" axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmagani sababli mazkur imtiyoz amalda ishlamayotgan edi.
Mazkur muammoni hal etish maqsadida Biznes-ombudsman mas’ul tashkilotlarga tegishli taklif va xulosalar kiritdi. Natijada Kadastr agentligi hamda Navoiy viloyati hokimligi bilan hamkorlikda texnik to‘siqlar bartaraf etildi.
Endilikda olis va cho‘l hududlarida joylashgan sanoat va tadbirkorlik zonalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlanib, yoshlar uchun yer maydonlarini "1 so‘m" boshlang‘ich qiymatida xarid qilish imkoniyati to‘liq ishga tushirildi.
Ushbu yangilik yuzlab yosh tadbirkorlarga katta sarmoyasiz o‘z biznesini boshlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va iqtisodiy faolligini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur tashabbus natijasida 1 mingdan ortiq yoshlar doimiy ish o‘rinlari va barqaror daromad manbai bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA