Olimpiada sari yana bir qadam
“O‘zbekiston” sport majmuasida yakuniga yetgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati qit’amiz sportchilari uchun XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun yana bir qadam bo‘ldi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida yakuniga yetgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati qit’amiz sportchilari uchun XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun yana bir qadam bo‘ldi.Uch kun davomida dzyudo ixlosmandlari nigohi poytaxtimizga qaratildi. Ular qiziqarli va murosasiz bellashuvlar, g‘alaba nashidasi va mag‘lubiyat alami, hayajonli lahzalar guvohi bo‘ldi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi, Osiyo dzyudo uyushmasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan Osiyo chempionatida o‘ttizdan ziyod davlatdan 230 dan ortiq sportchi sovrinli o‘rinlar va joriy yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun kurashdi.
Erkaklar o‘rtasida vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bellashuvida qatnashgan Diyorbek O‘rozboyev kumush medalni qo‘lga kiritdi. U finalgacha bo‘lgan bahslarda eronlik Nosir Nosiriy, Xitoy Taypeyi vakili Ming Yyen Say va qozog‘istonlik Rustam Ibrayev ustidan g‘alaba qozondi. Vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida ishtirok etgan Mirali Sharipov bronza medal bilan taqdirlandi.
100 kilogrammgacha og‘irlikdagi polvonlar bahsida Soyib Qurbonov kumush, Ramziddin Saidov bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Eng og‘ir (100+) vazn toifasidagi dzyudochilar bellashuvida Abdulla Tangriyev ikkinchi o‘rinni egalladi. U finalgacha bo‘lgan bahslarda qozog‘istonlik Yerjan Shinkeyev va qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskiyni mag‘lubiyatga uchratdi.
Xotin-qizlar bahsida qatnashgan Gulnoza Matniyozova vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Osiyo chempionatidan keyin Xalqaro dzyudo federatsiyasi sportchilarning yangi Olimpiya reyting jadvalini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 60 kilogrammgacha vazn toifasida Diyorbek O‘rozboyev 7-o‘rinni, Sharofiddin Lutfullayev 10, 66 kilogrammgacha vazn toifasida Rishod Sobirov 8, 73 kilogrammgacha vazn toifasida Mirali Sharipov 28, 81 kilogrammgacha vazn toifasida Shahzodbek Sobirov 21, 90 kilogrammgacha vazn toifasida Sherali Jo‘rayev 26, 100 kilogrammgacha vazn toifasida Ramziddin Saidov 30, Soib Qurbonov 31, 100 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida Abdulla Tangriyev 22-o‘rinni egallab turibdi.
Chempionatning so‘nggi kunida o‘tkazilgan jamoaviy bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Terma jamoamiz finalda mo‘g‘ulistonlik raqiblarini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.